Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Peshonasiga to‘pponcha tirashgan...» – Hibsdagi muxolif jurnalist iqror ruhida intervyu berdi

«Peshonasiga to‘pponcha tirashgan...» – Hibsdagi muxolif jurnalist iqror ruhida intervyu berdi

ONT telekanali efiridan skrinshot

Belarusdagi davlat telekanallaridan biri – ONT efirida «NEXTA» Telegram kanali sobiq bosh muharriri, ayni paytda hibsda bo‘lgan Roman Protasevichning intervyusi e’lon qilindi. Mazkur intervyuda prezident Aleksandr Lukashenkoning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan 26 yoshli jurnalist butkul o‘zgacha qiyofada namoyon bo‘lgan. Intervyu ONT rahbari, Lukashenko ma’muriyatining sobiq xodimi Marat Markov tomonidan olingan.

Intervyu chog‘i Protasevich ommaviy tartibsizlik uyushtirish jinoyatini sodir etganini e’tirof etar ekan, endilikdan siyosat bilan shug‘ullanmasligini qayd etadi. U, ayni choqda, Aleksandr Lukashenkoni hurmat qilishini ta’kidlaydi.

So‘nggi paytga qadar Belarus muxolifatining axborot jabhasidagi yalovbardorlaridan bo‘lgan hibsdagi jurnalist intervyu davomida muxolifatni tanqid qiladi. Xususan, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskayani Litva moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotganini aytadi va Telegram kanallarda uni tanqid qilish mumkin emasligini urg‘ulaydi.

Romanning otasi Dmitriy Protasevich intervyuga munosabat bildirar ekan, «peshonasi to‘pponcha tiralgani» sabab o‘g‘li shunday fikrlar aytishga majbur etilganini taxmin qilgan.

«Men farzandimni juda yaxshi bilaman. O‘g‘lim hech qachon o‘zi sodir etmagan qilmishni bo‘yniga olmaydi... Muttasil qo‘rqitish, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik oqibatida shunday intervyu berganiga ishonchim komil», – degan  Dmitriy Protasevich.  

Belarus prezidentligi uchun kurashgan nomzod, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya shtabi ham intervyu qiynoq ostida olinganini ta’kidlagan. Ayni choqda, muxolifat intervyu payti R. Protasevichning qo‘lida jarohat alomatlari ko‘ringaniga e’tibor qaratgan.

So‘nggi yillarda xorijda yashab kelgan muxolif jurnalist R. Protasevich joriy yil 23-may kuni Ryanair aviashirkati samolyotida Afinadan Vilnyusga ketayotgan payti uchoqni Minskka majburiy qo‘ndirish yo‘li bilan hibsga olingan edi.

Samolyotning yolg‘on ma’lumotlar asosida majburan qo‘ndirilishi va muxolif jurnalistning hibsga olinishi G‘arb davlatlari tomonidan keskin qoralangan, o‘nlab mamlakatlar Belarus samolyotlari uchun o‘z hududini yopgan.

23-may kuni Roman bilan birga uning ma’shuqasi, Rossiya fuqarosi Sofya Sapega ham qo‘lga olingan. U ham Roman kabi Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatorida ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 2020-yil 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida mamlakatni chorak asrdan beri idora etib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alabasi e’lon qilingach, mamlakat bo‘ylab norozilik chiqishlari boshlanib ketdi.

Lukashenkoning g‘alabasini soxta deb bilgan ko‘p sonli aholi hamda muxolifat uning iste’fosini talab qildi. G‘arb mamlakatlari, xususan, Yevropa ittifoqi 9-avgust saylovi natijalarini tan olmadi. Bir necha oyga cho‘zilgan va pirovardida ko‘plab muxolifat faollarining hibsga olinishi yoki xorijga ketishi bilan yakunlangan norozilik namoyishlari vaqtida Roman Protasevich asos solgan «NEXTA» Telegram kanali dunyo matbuoti uchun asosiy axborot manbalaridan biriga aylangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring