Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Politico: Tramp jamoasi Eronga dastlab Isroil zarba berishini istayapti

Politico: Tramp jamoasi Eronga dastlab Isroil zarba berishini istayapti

AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasida Eronga ehtimoliy harbiy harakatlar masalasida yangi ssenariy muhokama qilinmoqda. Bu haqda Politico nashri Oq uydagi ikki nafar yuqori lavozimli amaldorga tayanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Vashingtonda Isroil birinchi bo‘lib Eronga zarba berishi maqbul variant sifatida ko‘rilmoqda. Bunday qadam siyosiy tavakkalchiliklarni kamaytirishga qaratilgan. Ya’ni, agar Isroil mustaqil ravishda birinchi bo‘lib hujum qilsa va Eron javob tariqasida AQSh ob’yektlariga zarba bersa, bu holat Amerika jamoatchiligini harbiy operatsiya zarurligiga ishontirishni osonlashtirishi mumkin.

«Siyosiy jihatdan Isroil birinchi bo‘lib zarba bersa va Eron keyin bizga javob qaytarsa, harakat qilish uchun asoslarimiz mustahkamroq bo‘lar edi», – degan manbalardan biri nashrga.

G‘arb OAVsi so‘nggi so‘rovlarda amerikaliklar, ayniqsa respublikachilar, Eronda rejim almashishini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatayotgani haqida yozmoqda. Biroq ular buning uchun amerikalik harbiylar qurbon bo‘lishini istamaydi.

Shu bilan birga, Vashingtonda Tehron bilan diplomatik kelishuvga erishish umidi tobora susayib bormoqda. Shu sababli, AQSh qachon va qanday tarzda zarba berishi mumkinligi haqidagi savol dolzarbligicha qolmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, ehtimoliy ssenariylarning eng haqiqatga yaqini – AQSh va Isroilning qo‘shma harbiy operatsiyasi.

«OAV prezidentning rejalari haqida istagancha taxmin qilishi mumkin. Ammo nima qilish yoki qilmaslikni faqat prezident Trampning o‘zi biladi», – degan Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli.

Isroilning Vashingtondagi elchixonasi bu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Manbaning nashrga ta’kidlashicha, agar gap rejim almashishiga qadar ko‘lamdagi hujum haqida ketsa, Eron o‘z qo‘lidagi barcha vositalar bilan javob qaytarishi ehtimoli yuqori. AQShning mintaqada ko‘plab harbiy ob’yektlari bor va ularning har biri nishonga aylanishi mumkin. Ushbu ob’yektlar Isroilning «Temir gumbaz» havo himoya tizimi bilan qoplanmagan.

Bu esa amerikalik qurbonlar ehtimolini oshiradi va siyosiy xavflarni kuchaytiradi.

Tahlilchilar fikricha, yaqin haftalarda diplomatik harakatlar natijasi Vashingtonning keyingi qadamlarini belgilab beradi.

Eslatib o‘tamiz, ayni kunda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning kuyovi Jared Kushner Jenevaga yo‘l olib, eronliklar bilan kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.


Manba: politico.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring