Putin Tinchlik kengashiga muzlatilgan aktivlaridan 1 mlrd dollar bermoqchi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya AQSh tomonidan muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan 1 milliard dollarni Tinchlik kengashiga yo‘naltirish imkoniyatini bildirdi. Uning aytishicha, bu qadam Rossiyaning falastin xalqi bilan mavjud alohida munosabatlarini inobatga olgan holda amalga oshirilishi mumkin.
«Hatto Tinchlik kengashi tarkibida ishtirok etish va uning faoliyatiga qo‘shilish masalasi bo‘yicha qaror qabul qilinishidan oldin ham, Rossiyaning falastin xalqi bilan alohida munosabatlarini hisobga olgan holda, biz, menimcha, avvalgi AQSh ma’muriyati davrida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard AQSh dollarini Tinchlik kengashiga yo‘naltirishimiz mumkin», – dedi Putin Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda.
Shuningdek, Rossiya rahbari Moskva AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilayotgan Tinchlik kengashini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini, bu masala avval ham Vashington vakillari bilan muhokama qilinganini ta’kidladi.
«Siz eshitgan bo‘lishingiz mumkin, biz yangi tuzilma – Tinchlik kengashiga falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash, G‘azo sektori qayta tiklanishi va umuman Falastin muammolarini hal etish uchun 1 milliard dollar yo‘naltirishga tayyormiz. Bu mablag‘lar AQShda avvalgi ma’muriyat davrida muzlatib qo‘yilgan aktivlarimiz hisobidan ajratilishi mumkin», – dedi Putin payshanba kuni Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan uchrashuvda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday variantlar ilgari ham Amerika ma’muriyati vakillari bilan muhokama qilingan va bu mavzuda Moskvada navbatdagi uchrashuv ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Tinchlik kengashi AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bo‘lib, dunyo bo‘ylab mojarolarni hal etishni, eng avvalo G‘azo sektoridan boshlashni maqsad qilgan. Rejaga ko‘ra, ushbu tuzilmaga umrbod raislikni Donald Trampning o‘zi amalga oshiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter