Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qardosh Turkiyaning jamoat tartibini saqlash tizimi qanday ishlaydi?

Qardosh Turkiyaning jamoat tartibini saqlash tizimi qanday ishlaydi?

Turkiyada birinchi politsiya birliklari Usmoniylar imperiyasi davrida paydo bo‘lgan edi.

1845 yilda politsiyaning vazifalari va majburiyatlarini belgilab beruvchi qoidalar qabul qilingan. O‘sha davrda ushbu birliklar harbiylashtirilgan funksiyalarni bajargan. 1909 yilda Turkiya milliy politsiyasining Xavfsizlik bosh direktorati tashkil etilib, 1913 yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan Direktorat vazifalarini belgilovchi yo‘riqnoma, keyinchalik 1932 yilda politsiyani tashkil etish to‘g‘risida qonun qabul qilingan.

Qabul qilingan yo‘riqnomalar 1934 yil «Politsiyaning vakolatlari va vazifalari to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilingunga qadar amalda bo‘lgan. 1937 yilda politsiya xodimlarining huquqlari, majburiyatlari va vakolatlarini tartibga soluvchi «Xavfsizlikni tashkil etish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan va unga 2008-2009 yillarda muhim o‘zgartirishlar kiritilgan.

Hozirda Turkiya politsiyasi respublika Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiradi va uning tarkibida Xavfsizlik bosh direktorati mavjud.

Turkiya politsiyasining vazifalariga quyidagilar kiradi:

jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va ularning mol-mulkini xavfsizligini ta’minlash;

huquqbuzarlarni aniqlash va javobgarlikka tortish;

huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish;

qonun, nizom va hukumat normativ-huquqiy xujjatlarida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.

Politsiyaning davlat birligini saqlab qolish va konstitutsiyaviy tartibotni ta’minlash siyosiy vazifalari ham mavjud. Bundan tashqari, politsiya ma’muriy funksiyalarni, ya’ni xavfsizlik choralarini va boshqa organlarga yordam berishni ham amalga oshiradi.

Turkiyada ichki xavfsizlik va jamoat tartibini himoya qilish politsiyaning uch tarmog‘i tomonidan amalga oshiriladi:

1) shaharlar hududlari uchun mas’ul bo‘lgan Turkiya milliy politsiyasining Bosh Direktorati;

2) qishloq joylar uchun mas’ul bo‘lgan Jandarmeriya bosh qo‘mondonligi;

3) mamlakat qirg‘oqlarini himoya qiluvchi Sohil xavfsizlik qo‘mondonligi.

Turkiya milliy politsiyasining bosh direktorati markaziy tashkilotga va hududiy bo‘linmalarga bo‘linadi. Markaziy tashkilot ancha murakkab tuzilishga ega.

Turkiya politsiyasini Bosh direktor boshqaradi. Unga yettita departament, shu jumladan Ofis, Matbuot va protokol munosabatlari direktorati, razvedka departamenti, maxsus operatsiyalar departamenti, inspeksiyalar departamenti, nazorat organi va politsiya rahbarlarning markazi bo‘ysunadi.

Bosh direktorga beshta o‘rinbosar yordam beradi, ularning har biri bir nechta departamentlarni boshqaradi. Masalan, o‘rinbosarlardan biri Xalqaro munosabatlar, Yevropa ishlari, chegaralar va migratsiya hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bo‘yicha mas’uldir.

Turkiya ma’muriy jihatdan viloyat, shahar va tumanlarga bo‘linadi. Turkiyada 81 ta viloyat politsiya direktorati, ularga biriktirilgan 751 ta shahar politsiya direktorati, 22 ta chegara o‘tish punktlar direktorati, 18 ta erkin zonalarda politsiya uchastkalari va 834 politsiya uchastkalari mavjud.

Politsiyaning markaziy tashkiloti Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek viloyatlarda politsiya rahbarlari viloyat gubernatorlariga va tuman rahbarlariga ham bo‘ysunadi.

Turkiya Jandarmeriyasi – xavfsizlik, huquq-tartibotni saqlaydigan harbiylashtirilgan qurolli tashkilotdir. U «Jandarmeriyani tashkil etilishi, uning vazifalari va vakolatlari to‘g‘risida»gi qonun asosida tashkil etilgan va faoliyat yuritadi.

Jandarmeriya xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash uchun javobgar va qonunlarda belgilangan boshqa vazifalarni ham bajaradi.

Jandarmeriya Bosh qo‘mondonligi Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunadi. Jandarmeriyaning javobgarlik hududi, politsiya faoliyat olib boradigan hududlardan tashqari hisoblanadi.

Jandarmeriya to‘rtta asosiy funksiyani amalga oshiradi:

— Ma’muriy – jinoyatlarning oldini olish, kontrabanda holatlarini surishtirish, tergov qilish va Jazoni ijro etish departamentning muassasalarini qo‘riqlash.
— Huquqiy – jinoyatchilarni aniqlash, ushlash va tashish, jinoyat ishlari bo‘yicha dalillarni tegishli organlarga taqdim etish.
— Harbiy – Oliy qo‘mondonlik vakolatnomasiga asosan mamlakatning harbiy qonun va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash.
— Boshqa vazifalar, ya’ni qonunlar, nizomlar va hukumat qororlarida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.

Jandarmeriyaning Bosh qo‘mondonligi tizimiga uning shtab-kvartirasi va bo‘linmalari, xavfsizlik bo‘linmalari, chegara bo‘linmalari, ta’lim muassasalari, ma’muriy va moddiy-texnik ta’minoti bo‘linmalari kiradi.

Sohil xavfsizligi. Turkiya sohil soqchilari 1982 yildagi «Sohilni qo‘riqlash xaqida»gi qonunga asosan tashkil etilgan. Sohil qo‘riqchilari o‘z vazifalarini Turkiyaning hududiy va ichki suvlari, eksklyuziv iqtisodiy zonasi va qit’a suvosti hududlarida bajaradilar.

Turkiya Sohil qo‘riqlash qo‘mitasi hududiy suv xavfsizligini muhofaza qilish, dengizda hayot va mulk xavfsizligini ta’minlash, kontrabanda faoliyatining oldini olish, qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirish, suv havzalarining ifloslanishini oldini olish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Turkiya Sohil qo‘riqlash qo‘mitasi tizimida to‘rtta hududiy bo‘linma, xususan Qora dengiz, Bo‘g‘ozlar va Marmar dengizi, Egey dengizi, O‘rtayer dengizi bo‘yicha bo‘linmalar mavjud:

Sohil qo‘riqlash shtab-kvartirasida ta’lim va tayyorgarlik boshqarmasi, havodan ko‘mak berish boshqarmasi, jangovar qo‘riqlovni ta’minlash markazi, oltita jangovar qo‘riqlash guruhlari mavjud.

Turk politsiyasining uchta tarmoqlarining har birida xodimlarga qo‘yiladigan talablari mavjud.

Turkiya xavfsizlik Bosh direktorati politsiyaning qo‘mondonlar tarkibi (turli pog‘onadagi) ofitser xodimlaridan va ishchi-xizmatchilardan tashkil topgan. Qo‘mondonlik tarkibi Turkiya politsiyasi bosh direktori, politsiyaning 1-4 pog‘onadagi superintendant, bosh inspektor, inspektor, inspektor o‘rinbosari, politsiya ofitserlarni o‘z ichiga oladi.

Politsiya xodimlari ikki turdagi ta’limni oladi. Jumladan, Xavfsizlik Bosh direktoratining ta’lim departamenti tomonidan asosiy ishlardan ajralmagan holda ta’lim jarayoni amalga oshiriladi hamda Politsiya Akademiyasining kasbiy yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.

Akademiyada ta’lim dasturlari besh turi beriladi:

birinchidan, bazaviy ta’lim (muddati 2 yil bo‘lgan kasb bo‘yicha politsiya oliy maktablari);

ikkinchidan, bakalavr diplomiga ega bo‘lish uchun o‘qitish (xavfsizlik fanlari institutida, 4 semestr);

uchinchidan, aspirantura (xavfsizlik fanlari institutida, 4 semestr);

to‘rtinchidan, Anqara shahridagi Davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim;

beshinchidan, boshqaruv sohasidagi ta’lim.

Xavfsizlik Bosh direktoratiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Anqara va Burs shaharlarida joylashgan ikki politsiya kolleji mavjud.

Shuningdek, ekspert mutaxassislarga ishdan ajratmagan holda ta’lim beruvchi o‘quv muassasalari ham mavjud. Ular Turkiya xalqaro giyohvand moddalar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash Akademiyasi, Jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha tadqiqot va ta’lim markazlaridir.

Akademiyani bitirgan jandarmning ikkinchi leytenantlari va Jandarmeriyaning serjant tarkibidagi harbiy xizmatchilari amaliyotni yuridik, ma’muriy, harbiy va boshqa bo‘linmalarda o‘taydilar.

Yil davomida ular Jandarmeriyaning ofitserlar maktabida tahsil olishadi va shundan so‘ng maxsus maktabda to‘rt oylik qo‘mondonlik kurslaridan o‘tadilar. O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan xodimlar esa Jandarmeriyaning tuman bo‘linmalarida xizmat olib boradilar.

Serjantlar tarkibiga esa quyidagilar kiradi:

serjantlar (o‘rta maktab bitiruvchilari), harbiy xizmatchi serjantlar tarkibi uchun kasb-hunar maktablarida tahsil oluvchilar;

ixtisoslashgan jandarmlar (texnik universitet yoki kollejni bitirgan mutaxassislar).

Ixtisoslashtirilgan Jandarmeriya xodimlari bir yil davomida Jandarmeriya maktabida harbiy va kasbiy ta’lim oladi. Kelgusida hizmatni davom ettiradigan joylarida olti oylik amaliyot o‘taydilar.

Soxil qo‘riqlash xizmatchilari haqida so‘z yuritganda esa Dengiz-harbiy Akademiyasi yoki Turkiya dengizchilik kasbi oliy maktabini tamomlagan serjantlar, shuningdek ixtisoslashtirilgan ta’lim markazlarida «Sohil qo‘riqlash kurslari»dan maxsus ta’lim olgan ofitserlar va jangovar qo‘riqlash serjantlaridan iborat ekanligini ta’kidlash o‘tish joiz.

Mamlakat oliy o‘quv yurtlarining tegishli fakultetlari bitiruvchilari orasidan davlat xizmatchilari harbiy ta’lim muassasalarida o‘qitish talab etilmaydigan lavozimlarga tayinlanadilar.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, qardosh Turkiya davlatining politsiya tizimida ijobiy jihatlar, shu jumladan kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, sohaviy xizmatlar ishini tashkil etish kabi yo‘nalishlardagi tajribalarni muhokama qilish foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta.

Polkovnik Bahodir Ulug‘bekov,
IIV Malaka oshirish instituti kafedra boshlig‘i

Manba: iiv.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring