Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Rossiya boshqarayotgan MDHda qolishning ma’nosi yo‘q» – Moldova MDHdan chiqish jarayonlarini boshladi

«Rossiya boshqarayotgan MDHda qolishning ma’nosi yo‘q» – Moldova MDHdan chiqish jarayonlarini boshladi

Moldova Rossiya boshchiligidagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan (MDH) chiqishni rasman yakunlash uchun zarur huquqiy jarayonlarni davom ettirmoqda. Bu haqda dushanba kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy ma’lum qildi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tashkil etilgan MDHdan chiqish tashabbusi Yevropaga integratsiya tarafdori bo‘lgan prezident Mayya Sandu siyosati bilan uyg‘un. U 2030-yillar oxiriga qadar Moldovani Yevropa Ittifoqiga a’zo qilishni maqsad qilgan. Sandu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini keskin qoralab, Kremlni uning hukumatini zaiflashtirishga urinishda ayblab keladi.

Ukraina va Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan Ruminiya orasida joylashgan, Yevropaning eng kambag‘al davlatlaridan biri sanalgan Moldova 2023-yildan beri MDH doirasidagi barcha faoliyatlarda ishtirok etmay kelmoqda.

«Ayni paytda biz MDH bilan bog‘liq uchta asosiy kelishuvni bekor qilish jarayonidamiz, – dedi mamlakat tashii ishlar vaziri Mixail Popshoy Radio Moldova radiosi orqali chiqishida. U 1991-yilda tashkilotning tuzilishiga asos bo‘lgan kelishuvlarni nazarda tutdi. – Ushbu uch kelishuv bekor qilingach, huquqiy jihatdan ham MDH a’zosi emasligimizni aytish mumkin bo‘ladi. Amalda biz ishtirokni oldinroq to‘xtatganmiz, ammo de-yure hali ham a’zo hisoblanamiz».

Mayya Sandu 2024-yilda qayta prezident etib saylangan, o‘tgan yili esa uning «Harakat va birdamlik» partiyasi parlament saylovlarida ko‘pchilik o‘rinlarni saqlab qolgan.

So‘nggi 150 yil ichida Moldova Rossiya imperiyasi, Buyuk Ruminiya va Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan. Mustaqillikka erishgan 30 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat hukumatlari ayrim paytlarda Rossiya bilan yaqin munosabatlarni qo‘llab-quvvatlagan, ayrim paytlarda esa unga qarshi pozitsiya tutgan.

O‘tgan hafta radioga bergan intervyusida Mayya Sandu, agar hozir Ruminiya bilan qayta birlashish bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, «ha» deb ovoz berishini aytgandi. Bu Moldova rahbarining ilk bor bunday pozitsiyani ochiq bildirishi bo‘ldi.

Moldovaning Rossiya tarafdori bo‘lgan sotsialistlar partiyasi rahbari, sobiq prezident Igor Dodon MDHdan chiqish qarorini «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi.

Siyosiy tahlilchi Vitaliy Andriyevskiy esa bu qaror Moldovaning sobiq sovet davlatlari bilan aloqalarni uzishini anglatmasligini ta’kidladi.

«Bu jarayonni oxiriga yetkazishimiz kerak, – dedi u Reuters agentligiga. – Biz munosabatlarni ikki tomonlama asosda rivojlashtiramiz. Ammo Rossiya boshqarayotgan MDHda qolishning endi ma’nosi yo‘q».

Manba: reuters.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring