Rossiya tunda Ukraina energetika tizimiga ommaviy hujum uyushtirdi
Rossiya harbiylari tun davomida Ukraina hududiga raketa va dronlardan foydalangan holda ommaviy hujum uyushtirdi. Jami o‘ndan ortiq hudud zarba ostida qoldi. Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumda turli xildagi 635 ta uchuvchisiz uchish apparati, X-101 va «Iskander-K» turidagi 35 ta qanotli raketa, shuningdek uchta «Kinjal» raketa qo‘llangan. Mamlakat bo‘ylab 30 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba qayd etilgan.
Hujumning asosiy nishonlaridan biri energetika tizimi bo‘lgan. Ukraina Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, bu 2025 yil boshidan beri energetika infratuzilmasiga qilingan to‘qqizinchi yirik hujum hisoblanadi.
Ukraina Bosh vaziri Yuliya Sviridenkoning aytishicha, eng katta zarar mamlakatning g‘arbiy viloyatlaridagi energetika ob’yektlariga yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida Rovno, Ternopol va Xmelnitskiy viloyatlari deyarli to‘liq elektr ta’minotisiz qolgan. Vinnitsa, Odessa, Chernigov, Jitomir, Donetsk, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlarida esa elektr energiyasi qisman o‘chirilgan. Hatto hujumdan bevosita zarar ko‘rmagan hududlarda ham rejadan tashqari elektr uzilishlari joriy etilgan.
Hududiy hokimiyatlar hisobotlariga ko‘ra, hujum natijasida kamida uch kishi halok bo‘lgan. 15 nafarga yaqin kishi jabrlangan.
Zelenskiy hujum munosabati bilan xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
«Bu hujum Rossiyaning ustuvor maqsadlarini ochiq-oydin ko‘rsatadi. Rojdestvo arafasida, odamlar uyida, yaqinlari bilan xavfsiz holda bo‘lishni istagan paytda hujum qilindi. Bu, aslida, urushni tugatish uchun olib borilayotgan muzokaralar qizg‘in pallasida uyushtirildi», – dedi Zelenskiy.
Rossiya Mudofaa vazirligi ommaviy havo hujumi o‘tkazilganini tasdiqladi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, bu «yuqori aniqlikdagi qurollar bilan berilgan zarba» bo‘lib, uning nishonlari harbiy-sanoat majmuasi korxonalari va ular faoliyatini ta’minlovchi energetika ob’yektlari bo‘lgan.
Dekabr oyi boshidan bu energetika tizimini nishonga olgan kamida to‘rtinchi yirik hujumdir. 6 dekabr kuni olti hudud, 13 dekabrda to‘qqiz hudud zarbaga uchragan. 18 dekabr kuni esa besh viloyatga hujum qilinib, natijada 180 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter