Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya Ukraina prezidentini alishtirmoqchi, nomzod ham topilgan – Britaniya TIV

Rossiya Ukraina prezidentini alishtirmoqchi, nomzod ham topilgan – Britaniya TIV

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya Rossiyani Ukrainada oliy hokimiyatni alishtirish va qo‘shni davlat tepasiga kremlparast siyosatchilarni keltirishga urinishda aybladi. Bu haqda qirollik tashqi ishlar vaziri Liz Trassning bayonotida so‘z boradi.

«Bizda Ukrainaga hujum qilish hamda uni bosib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan Rossiya hukumati Kiyevga rossiyaparast yetakchini qo‘yishga urinayotganini tasdiqlovchi ma’lumot mavjud. Bu borada Ukraina parlamentining sobiq deputati Yevgeniy Murayev asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda», – deyiladi bayonotda.

Britaniya TIVga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmati ukrainalik ko‘plab sobiq siyosatchilar bilan muloqot olib bormoqda. Ular safida Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari va bosh vaziri Sergey Arbuzov (2012-2014), prezident Viktor Yanukovich ma’muriyati rahbari va bosh vazir o‘rinbosari Andrey Klyuev (2010-2012), Ukraina bosh vaziri Nikolay Azarov (2010-2014) hamda Ukraina milliy xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Vladimir Sivkovich (2010-2014) kabi siyosatchilar nomi qayd etilgan.

«Rossiya tanglikni bartaraf etishi, agressiya va dezinformatsiya kampaniyasini bas qilishi va diplomatiya yo‘rig‘iga yurishi kerak. Buyuk Britaniya avval ham ittifoqchilar bilan birga bayonot berganidek, Rossiyaning Ukraina har qanday hamlasi ulkan strategik xato bo‘ladi va buning uchun katta tovon to‘lashga to‘g‘ri keladi», – deydi ingliz tashqi siyosat mahkamasi rahbari Liz Trass.

Rasmiy Moskva Britaniya TIVning bayonotini dezinformatsiya deb atagan va  qirollikni provokatsiyadan tiyilishga chaqirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Ukraina bilan chegara hududlarda 100 ming askarni safarbar holga keltirgan. AQSh, Buyuk Britaniya hamda NATO Kreml Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirmoqda deb hisoblaydi. Ukraina ma’muriyati ham shunday fikrda.

Moskva esa hujum haqidagi bayonotlarni rad etmoqda. 

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga hujum Rossiya uchun halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.

Rossiya Ukrainaga bosqin uyushtirgudek bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar shaxsan prezident Vladimir Putinga sanksiyalar joriy etmoqchi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring