Sudya Terranovaning o‘ldirilishi
Italiya mafiyasi tarixida qonli iz qoldirgan eng mashhur suiqasdlardan biri sudya Chezare Terranovaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq. Bu voqea nafaqat bir insonning fojiasi, balki butun boshli jinoiy tizimning davlatga qarshi e’lon qilgan urushi edi.
U nega nishonga olingan edi?
1960-yillarning oxiri, Sitsiliya. Palermo qamoqxonasida yosh va g‘ayratli sudya Chezare Terranova o‘sha zamonning eng xavfli mafiyachilaridan biri – Luchano Lejo bilan yuzma-yuz o‘tirardi. Lejo shunchaki jinoyatchi emas, balki afsonaviy «Cho‘qintirgan ota» filmi orqali tanilgan Korleone oilasining haqiqiy rahnamosi edi.
So‘roq paytida sudya Terranovaning «Lejo o‘zining otasi kimligini ham bilmaydi» qabilidagi piching gapi mafiyachining nafratini qo‘zitadi. Sitsiliyaning an’anaviy va erkaklar sha’ni birinchi o‘ringa qo‘yiladigan madaniyatida bunday haqorat o‘limga teng edi. Terranova o‘zi ham o‘sha yerlik bo‘lgani bois bu gapning oqibatini yaxshi bilardi, ammo u mafiyaning «daxlsizlik» maqomini sindirishga ahd qilgan edi.
Mafiya so‘zining kelib chiqishi sitsiliyacha «mafiu» so‘zidan olingan bo‘lib, «o‘ziga ishonch», «jasorat» ma’nolarini bildiradi. Asrlar davomida turli bosqinchilar qo‘lida qolgan Sitsiliya xalqida markaziy hukumatga nisbatan ishonchsizlik shakllangan. Natijada, mahalliy boylar va aholini himoya qiluvchi yondosh tizim – «Koza Nostra» (bizning ish) yuzaga kelgan. Vaqt o‘tishi bilan bu tizim narkotrafik va qotilliklar bilan shug‘ullanuvchi ulkan jinoiy tarmoqqa aylandi.
Yangi va kuchliroq to‘lqin
Chezare Terranova mafiyaning tarqoq to‘dalar emas, balki markazlashgan tashkilot ekanligini isbotlagan birinchi sudyalardan biri bo‘ldi. U mafiya ichida nizolarni hal qiluvchi va suiqasdlarni rejalashtiruvchi «Sitsiliya mafiya komissiyasi» mavjudligini ochib berdi.
1974-yilda qamoqda o‘tirgan Luchano Lejo ushbu komissiyaga Terranovani yo‘q qilish haqida talab yuboradi. Mafiya sudyaning Rimda, antimafiya komissiyasidagi faoliyatidan so‘ng Sitsiliyaga yanada kattaroq xavf bo‘lib qaytganini tushunib yetgan edi.
1979-yil 25 sentyabr. Terranova 58 yoshida Sitsiliyaga bosh tergovchi sifatida qaytadi. Ertalab ishga ketayotgan paytda ikkita avtomobil uning yo‘lini to‘sadi. Mashinadan sakrab tushgan uch nafar qotil sudya va uning sodiq soqchisi Lenni Mansuoni o‘qqa tutadi. Terranova voqea joyida halok bo‘ladi.
Garchi Luchano Lejoga nisbatan darhol ayblov qo‘yilgan bo‘lsa-da, dalillar yetarli emasligi sababli u uzoq vaqt jazodan qutulib yuradi. Faqat yillar o‘tib, mafiya ichidan chiqqan sotqinlar (Pentiti) guvohligidan so‘ng haqiqat yuzaga chiqadi. 2000 yilga kelibgina Terranovaning o‘limida aybdor bo‘lgan tirik qolgan shaxslar umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Chezare Terranovaning jasorati behuda ketmadi. Uning o‘limi Italiyada mafiyaga qarshi kurashning yangi va kuchliroq to‘lqinini boshlab berdi. Keyinchalik bu kurashni mashhur sudya Jovanni Falkone davom ettiradi.
Fazliddin Sattorov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter