Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sun’iy intellektdan umuman foydalanmaydigan Messi qanday qilib ChatGPT yuziga aylandi?

Sun’iy intellektdan umuman foydalanmaydigan Messi qanday qilib ChatGPT yuziga aylandi?

Texnologiya olami va futbol dunyosining eng yirik vakillari kutilmagan tarzda birlashdi. Eng yirik sun’iy intellekt laboratoriyasi — OpenAI kompaniyasi sayyoramizning eng mashhur futbolchisi, Jahon chempioni Lionel Messi bilan rasmiy global hamkorlik boshlanganini e’lon qildi. Ushbu kampaniya OAV tomonidan sun’iy intellekt tarixidagi ilk global futbol mavsumining boshlanishi sifatida baholanmoqda.

Hamkorlik doirasida taqdim etilgan ilk eksklyuziv videorolikda Messi ChatGPT Images (DALL-E 3) imkoniyatlaridan foydalanib, o‘zining suratini yangicha ko‘rinishda tasavvur qiladi. U chat-botga o‘z sochlarini Argentina bayrog‘i ranglariga (oq va havo rang) bo‘yash, ammo bunda tabiiylikni saqlab qolish haqida buyruq (prompt) beradi. Tayyor bo‘lgan suratni esa Argentina terma jamoasi a’zolari bor umumiy chatga yuboradi.

OpenAI marketologlari ushbu kampaniyani shunchaki reklama emas, balki muxlislar uchun interaktiv vositaga aylantirishdi. Futbol yulduzi tomonidan ishlatilgan aniq matnli buyruq ChatGPT tizimiga tayyor andoza (preset style) sifatida joylandi.

Endilikda butun dunyodagi millionlab muxlislar o‘z suratlarini yuklab, Messining ushbu promptidan foydalangan holda sochlarini o‘z vatanlari yoki sevimli jamoalari bayrog‘i ranglariga bo‘yashlari mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu trend #MessiMode heshtegi ostida ommalashmoqda.

Lionel Messining rasmiy bayonotidan:

“Menga har bir davlatda odamlar futbolni qanday turlicha his qilishi va undan zavqlanishini kuzatish doimo yoqqan. Men o‘z muxlisligimni yangicha usulda ifodalash uchun ChatGPTga murojaat qildim va albatta, birinchi navbatda Argentina ranglarini tanladim. O‘ylaymanki, bu mavsumda ko‘plab muxlislar sun’iy intellekt yordamida o‘yinlarni kuzatish, maydondagi holatlarni yaxshiroq tushunish va o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi yo‘llarini kashf etadilar”.

G‘arb moliyaviy va marketing nashrlarining tahlillariga ko‘ra, OpenAI ushbu qadam orqali ChatGPTni shunchaki matnli yordamchi emas, balki jonli sport tadbirlarining ajralmas qismiga aylantirishni maqsad qilgan.

Statistikaga ko‘ra, so‘nggi bir haftaning o‘zida foydalanuvchilar tomonidan ChatGPTga futbol va turnirlarga oid 17 milliondan ortiq so‘rovlar yuborilgan. Muxlislar SI yordamida nafaqat suratlar yaratishmoqda, balki terma jamoalar tarkibi, o‘yinlar tahlili, prognozlar va uchrashuvlar jadvali haqida ma’lumot olishmoqda. Instagramda 500 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lgan Messi esa ushbu ommaviy talabni OpenAI foydasiga kapitallashtiruvchi asosiy global qiyofaga aylandi.

Shunisi qiziqki, joriy yilning yanvar oyida bergan intervyularidan birida Messi kundalik hayotda sun’iy intellekt yoki ChatGPTdan umuman foydalanmasligini, oilada faqat rafiqasi Antonela ushbu texnologiyalarga qiziqishini tan olgan edi. Ammo oradan bir necha oy o‘tib, aynan u OpenAI tarixidagi eng yirik ambassadorga aylandi.

Tarmoq kuzatuvchilarining fikricha, ushbu kampaniya muxlislarni faqat tomoshabin bo‘lishdan to‘xtatib, ularni kontent yaratuvchisi sifatida futbol ekotizimiga jalb qilishda yangi davrni boshlab beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring