Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tolibon» O‘zbekiston bilan chegara hududlarga 10 ming askar yuborayotgani aytilmoqda

«Tolibon» O‘zbekiston bilan chegara hududlarga 10 ming askar yuborayotgani aytilmoqda

Foto: AP

Afg‘onistonni idora etib turgan «Tolibon» harakati O‘zbekiston hamda Tojikiston bilan chegara hududlarga zamonaviy aslahalar bilan qurollangan 10 ming nafar jangchini yubormoqda. Bu haqda «Tolibon» qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Qori Fasihiddin Fitrat ma’lum qilgan. 

«NATO va AQSh namunasi bo‘yicha eng zamonaviy texnika bilan qurollangan, mamlakat shimoli va shimoli-sharqida joylashtirilgan 10 ming kishili kuchli armiya har qanday qurolli harakatga qarshi tura oladi», – degan Fasihiddin Fitrat.

Qisqa muddatda harbiy samolyotlar ham safga qaytishihamda askarlarni qo‘llab-quvvatlashi qo‘shimcha qilingan.

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyati O‘zbekiston bilan, shimoli-sharqidagi Qunduz, Tohar va Badaxshon viloyatlari esa Tojikiston bilan chegaradosh sanaladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, ko‘p sonli «Tolibon» askarlari shimol va shimoli-sharqqa yuborilishi Ahmad Mas’ud boshchiligidagi Milliy qarshilik frontiga qarshi uzil-kesil zarba berish maqsadi bilan bog‘liq.

KXShT rahbariyati ham Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlarga tahdidi borasida vazminlik va ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rmoqda.

Kuzatuvchilar ko‘p sonli qo‘shinning chegaraga yaqin hududga safarbar etilishi O‘zbekiston va Tojikistonga xavf tug‘dirmaydi deb hisoblaydi. Ammo Milliy qarshilik fronti bilan kurash qochqinlar oqimining oshishiga olib kelishi mumkin.

«Tolibon» harakati O‘zbekistonga tahdid solinmasligi haqida va’da bergani ma’lum. 2021-yil 7-oktyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya «Tolibon» rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan.

«Birodar O‘zbekiston xavfsizligiga Afg‘oniston hududidan hech qanday tahdid bo‘lmasligi rasmiy Kobul tomonidan qat’iy bildirildi», – deb ma’lum qilgan edi mamlakatimiz tashqi siyosat mahkamasi muzokaralar yakunida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 15 avgustda «Tolibon» harakati deyarli qarshiliksiz poytaxt Kobulni egallagan, prezident Ashraf G‘ani boshchiligidagi yuqori martabali mulozimlar mamlakatni taqdir hukmiga havola etib xorijga qochib ketgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring