Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp Eron bilan urushni yakunlashni o‘ylamoqda – Axios

Tramp Eron bilan urushni yakunlashni o‘ylamoqda – Axios

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urushni yaqin vaqt ichida to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq urush Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq asosiy muammo hal etilmasdan tugashi mumkin.

Tramp Truth Social’dagi bayonotida AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarini «qisqartirish» imkoniyatini ko‘rayotganini bildirdi.

«Biz Eron rejimiga qarshi harbiy maqsadlarimizga yetishga juda yaqinlashdik», — dedi u.

Trampga ko‘ra, AQSh Eronning raketa salohiyati va harbiy sanoatiga zarba berish, dengiz va havo kuchlarini jiddiy zaiflashtirish hamda yadroviy qurol yaratish imkoniyatini cheklash kabi maqsadlariga erishgan.

Shu bilan birga, u Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qo‘riqlash mas’uliyatini boshqa davlatlarga yuklash kerakligini bildirdi.

«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uni foydalanuvchi davlatlar tomonidan qo‘riqlanishi kerak. AQSh bu ishni bajarmasligi lozim», – dedi Tramp.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining katta qismi tashiladi. Uning yopilishi global iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Biroq tahlilchilarga ko‘ra, aynan shu muammo Trampni qiyin vaziyatda qoldirmoqda. Agar urushni to‘xtatsa — bo‘g‘oz yopiq qolishi mumkin, ochishga harakatni davom ettirish esa mojaroni yanada kengaytirishi mumkin.

AQSh rasmiylariga ko‘ra esa urush yaqin kunlarda tugashi ehtimoli past.

Oq uy ma’lum qilishicha, operatsiya 4–6 hafta davom etishi rejalashtirilgan va hozir uchinchi hafta ketmoqda.

Manbalarga ko‘ra, Trampning o‘zi ham bu urush bo‘yicha ikki xil fikrda. Bir tomondan, neft narxlari va iqtisodiy bosimdan xavotirda bo‘lsa, ikkinchi tomondan, harbiy kuch namoyishidan mamnun.

Jamoatchilik so‘rovlari esa urush keng qo‘llab-quvvatlanmayotganini ko‘rsatmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring