Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp Eron rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Endi AQSh Tehronga hujum qilmaydimi?

Tramp Eron rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Endi AQSh Tehronga hujum qilmaydimi?

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronda ommaviy namoyishlar ortidan qo‘lga olingan fuqarolarni qatl etish qarori bekor qilinganini olqishladi.

«Dorga osish orqali ijro etilishi rejalashtirilgan qatl hukmlari (800 dan ziyod) Eron rahbariyati tomonidan bekor qilinganidan juda xursand bo‘ldim. Tashakkur!» – deb yozdi Tramp Truth Social platformasidagi sahifasida.

Avvalroq Tramp Erondagi namoyishchilarga qarshi jazo choralari qo‘llansa, ular qatl etilsa, Eronning amaldagi rahbariyatiga qarshi keskin choralar ko‘rilishidan ogohlantirgandi.

Inson huquqlari tashkilotlari Eron rahbariyati so‘nggi haftalarda mamlakatni larzaga solgan norozilik namoyishlari payti qo‘lga olingan yuzlab eronlikni qatl etishga hozirlik ko‘rayotgani haqida bong urgandi. Bu orada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi hukumat namoyishchilarni o‘ldirish niyatida emasligini ma’lum qildi. 

Ma’lumot o‘rnida: Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi katta bozorda boshlangan, ko‘plab savdogarlar giperinflyasiya va narx-navoning keskin ko‘tarilishiga qarshi norozilik sifatida do‘konlarini yopgan edi. Namoyishlar tez orada butun mamlakatga yoyildi. Iqtisodiy talablar bilan boshlangan norozilik harakati siyosiy aksiyaga aylanib ketdi.

G‘arb matbuoti inson huquqlari tashkilotlariga tayanib yozishicha, namoyishlar davomida 2400 dan ziyod kishi halok bo‘lgan, 18 ming kishi hibsga olingan.

Tehron hukumatiga qarshi keskin choralar rejasini ko‘rib chiqayotgan Tramp 16 yanvar  kuni Eronga harbiy zarba bermaslikka qaror qilganini aytarkan, bunga qatl hukmlari bekor qilinganini asos qilib keltirgan. Ammo siyosiy tahlilchilar Trampning hozircha Eronga hujum qilmaslikka qaror qilganini boshqa bir necha omil bilan izohlamoqda. 

Birinchidan, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr hamda O‘mon davlatlari Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi harbiy chora ko‘rmaslikka ko‘ndirish uchun ulkan diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Mazkur davlatlar Eronga qarshi harbiy choralar Yaqin Sharqda beqarorlikni avj oldirishi, jahon neft bozorini izdan chiqarishidan xavotir bildirgan. Shu tariqa ular Vashingtonni Tehronga yana bir imkon berishga ko‘ndirgan. 

Ikkinchidan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham telefon orqali muloqotda Trampdan Eronga hujumni keyingi qoldirishni iltimos qilgan.

Uchinchidan, Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar muhokamasi payti Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari unga Erondagi rejim qisqa vaqt ichida qulashiga kafolat berib bo‘lmasligini aytishgan. Boz ustiga, AQSh ma’muriyati Tehron tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan qattiq javob choralaridan ham xavotirga tushgan. Bu mintaqadagi Amerika qo‘shinlari va Vashington ittifoqchilariga, jumladan, Isroilga ham ta’sir qilishi mumkin edi.

Shu tariqa AQSh ma’muriyati Eron bilan vaziyatni diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga umid bildirib, Islom Respublikasida uranni boyitish standartlarini belgilash, raketa arsenalini kamaytirish, boyitilgan uran masalasiga aniqlik kiritish va Eronning ishonchli vakillari bilan vaziyatni hal qilish kabi to‘rtta shartni ilgari surgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Eronda namoyishlar ancha so‘ngan. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 15 yanvar kuni hukumat namoyishlarga sabab bo‘lgan iqtisodiy muammolarga yechim izlashi haqida bayonot bergan.

Hozircha birgina shaxs – Eronning 1979-yilda taxtdan ag‘darilgan shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy AQShni Eronda islom respublikasi tuzumini ag‘darish uchun keskin choralarga undamoqda. Ayni paytda AQShda yashayotgan 65 yoshli Rizo Pahlaviy namoyishchilarni Eronning yirik shaharlarini egallashga da’vat etib kelmoqda. U OAVga bergan intervyularida Eronga qaytishga tayyor ekanini bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, AQShning Erondagi islom respublikasi tuzumini harbiy yo‘l bilan ag‘darishga qaratilgan ko‘p yillik strategik rejasi bekor qilingani yo‘q, qulay siyosiy vaziyat tug‘ilishi bilan ushbu chora ishga solinishi hech gap emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring