Tramp G7 liderlariga «Eron deyarli taslim bo‘lgan»ini iddao qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp «Katta yettilik» (G7) davlatlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda Eron «taslim bo‘lish arafasida» ekanini aytgan. Bu haqda Axios nashri G7 davlatlarining uch nafar rasmiysiga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Tramp mojaro natijasiga ommaviy chiqishlarda ham, yopiq suhbatlarda ham bir xil ishonch bilan qaraydi. U uchrashuv davomida AQShning «Epik g‘azab» amaliyoti natijalari bilan maqtanib, «hammamizga tahdid solgan saratonni yo‘q qildim» deb aytgan.
Biroq Tramp shu bilan birga Tehronda taslim bo‘lish haqida qaror qabul qila oladigan rahbarlar qolmaganini ham aytgan.
«Hozir rahbar kimligi noma’lum, shuning uchun taslim bo‘lishni e’lon qiladigan odam ham yo‘q», – degan Tramp, uchrashuvda ishtirok etgan rasmiylar so‘zlariga ko‘ra.
Tramp bayonotlaridan 24 soat o‘tib, Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy davlat televideniyesi orqali birinchi bor murojaat qilib, urushni davom ettirishini ma’lum qildi.
U Eron «shahidlari» uchun qasos olishini va urushda yangi frontlar ochilishini aytgan. Shuningdek, Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali bosimni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan.
G7 davlatlari rahbarlari esa Trampni urushni tezroq tugatishga chaqirdi. Ular Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni tezda barqarorlashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Tramp esa vaziyat yaxshilanib borayotganini va tijorat kemalari tez orada bu hududda harakatni qayta boshlashi mumkinligini aytgan. Ammo kecha kechasi Iroq sohillari yaqinida kamida ikki neft tankeriga hujum qilingan.
Uchrashuvda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Trampni urushdan Rossiya foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.
Shu kuni Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Floridada Tramp maslahatchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan jahon energetika inqirozi masalasini muhokama qilgan.
Keyinchalik AQSh Moliya vazirligi Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni bir oyga vaqtincha yumshatish haqida qaror qabul qildi. Bu chora tranzitda bo‘lgan neft yuklariga nisbatan qo‘llanishi va jahon energetika bozorini barqarorlashtirish maqsadini ko‘zlashi aytilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter