Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi bo‘yicha talabini yana kechiktirdi

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishi bo‘yicha talabini yana kechiktirdi

Tramp Eronga qo‘yilgan navbatdagi talab muddatini yana ortga surdi. Ilgari qisqa muddatli ultimatumlar qo‘yilgan bo‘lsa, endi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun berilgan so‘nggi muddat 6 aprelgacha uzaytirildi. Aks holda, Vashington Eronning energetika infratuzilmasiga, jumladan elektr stansiyalariga zarba berishini ma’lum qilmoqda

Tramp bu qarorni «muzokaralarda ilgarilash bor» deya izohlamoqda. Uning ta’kidlashicha, qo‘shimcha vaqt «Eron hukumati iltimosi bilan» berilgan. Biroq rasmiy Tehron bu kabi muloqotlar mavjudligini inkor etmoqda va AQShni jahon bozorlarini tinchlantirish uchun axborot o‘yini olib borayotganlikda ayblayapti.

Shu bilan birga, bozorlar bu signallarga juda sezgir reaksiya bildirmoqda. So‘nggi bayonot ortidan neft narxlari keskin ko‘tarildi, fond bozorlari esa pasayishni ko‘rsatdi. Bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozining global energetika tizimidagi hal qiluvchi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi — dunyo neft tashuvlarining katta qismi aynan shu yo‘l orqali o‘tadi.

Harbiy maydonda esa vaziyat barqaror emas. Eron tomonidan Isroilga raketalar uchirilishi davom etmoqda, Isroil esa o‘z navbatida Eronning strategik ob’yektlariga zarbalarni kuchaytirmoqda. Xususan, Tehronda kuchli portlashlar haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa muzokaralar fonida ham harbiy eskalatsiya to‘xtamaganini ko‘rsatadi.

Vashington ichida ham qarashlar bir xil emas. Tramp Eronni «zaiflashgan va muzokaraga majbur» deb baholayotgan bo‘lsa, uning maxsus vakillari ancha ehtiyotkor pozitsiyani bildirmoqda. Ularga ko‘ra, Tehronni kelishuvga olib kelish oson emas va bosim yanada kuchaytirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Tehronga 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish shartini qo‘ygan, Eron tomoni esa bunga javoban agar mamlakat elektr tarmoqlari nishonga olinsa, mintaqadagi davlatlarga qarshi javob choralari ko‘rilishi mumkinligi aytdi.

Ertasi kuni esa Tramp Eron bilan «juda yaxshi va samarali muzokara o‘tkazilgani» haqida bayonot bilan chiqdi va mamlakat elektr tarmoqlariga zarbalar 5 kunga kechiktirilganini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring