Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp inauguratsiyasidan buyon dollar qadri 10 foizgacha pasaygan – The Economist

Tramp inauguratsiyasidan buyon dollar qadri 10 foizgacha pasaygan – The Economist

The Economist jurnali yangi soni muqovasini AQSh valyutasining murakkab holatiga bag‘ishladi. Nashr muqovasida dollar yashil ilon ko‘rinishida tasvirlangan bo‘lib, mualliflar AQSh aktivlarida kapital saqlash endilikda tizimli xatarlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

«Hiylakor va qadri pasayayotgan dollar davri. Amerika aktivlariga ega bo‘lganlar bunga ko‘nikishga majbur bo‘ladi», – deyiladi maqolada.

Savdo statistikasi tahlilchilar xavotirlarini tasdiqlamoqda. 2025-yil 20-yanvar – Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan kundan buyon dollar indeksi 10 foizdan ortiqqa pasaygan. Yevro bilan juftlikda esa tushish yanada keskin bo‘lib, taxminan 15 foizni tashkil etgan.

Nashr tahririyati ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda moliya bozorlarida investorlarning o‘zini tutishi keskin o‘zgargan. Ilgari favqulodda holat hisoblangan sarosima va xavotirlar endi muntazam holga aylanmoqda.

Bunga yaqqol misol sifatida 2025-yil aprel oyidagi voqealar keltiriladi. O‘sha paytda AQSh prezidenti Donald Tramp import mahsulotlariga yagona bazaviy boj stavkasi joriy etilishini e’lon qilib, bu qarorni ramziy tarzda «Ozodlik kuni» deb atagan edi. Ammo ushbu bayonot bozorlar tomonidan ijobiy emas, aksincha, jiddiy xavf signali sifatida qabul qilindi.

Natijada investorlar ommaviy ravishda AQSh aktivlaridan chiqib ketishni boshladi: qimmatli qog‘ozlar sotildi, dollar qadrsizlandi, fond bozorlarida esa bir vaqtning o‘zida pasayish kuzatildi. The Economist’ga ko‘ra, bunday keskin reaksiyalar so‘nggi yillarda odatiy holga aylanib, bozordagi beqarorlik darajasi avvalgi o‘n yilliklarga nisbatan bir necha barobar oshgan.

Bu esa investorlar uchun muhim xulosani anglatadi: AQSh aktivlari endilikda har doim ham «xavfsiz valyuta» sifatida qabul qilinmayapti.

Natija zudlik bilan namoyon bo‘ldi – Amerika qimmatli qog‘ozlarining ommaviy sotilishi fond bozori va milliy valyutaning bir vaqtda pasayishiga olib keldi. The Economist hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida bunday volatillik to‘lqinlari so‘nggi o‘n yilliklar o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan uch baravar ko‘p kuzatilgan.

«Bu sarosima to‘lqinlari dollar aktivlari endilikda xavfsiz hisoblanmayotgan dunyoning qanday ko‘rinish olayotganini namoyon qiladi», – deya xulosa qiladi nashr.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring