Tramp Isroil prezidentini haqorat qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil prezidenti Itsxak Gersogni keskin tanqid qildi. AQSh rahbariga ko‘ra, Itsxak Gersog Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni afv etish masalasida va’da berib, va’dasini bajarmagan. Shu bois Tramp isroillik hamkasbini «zaif va notavon» deb atagan.
«U menga uni (Netanyahu nazarda tutilmoqda – tahr.) afv etaman deb bir necha bor aytdi, ammo meni aldab kelmoqda», – degan Tramp Isroilning «14-kanal»iga bergan intervyusida.
AQSh prezidenti fikricha, Netanyahu ustidan davom etayotgan sud jarayoni uni harbiy harakatlardan chalg‘itmoqda.
«Bibi bor e’tiborini ahmoqona ishlarga emas, balki urushga qaratishi kerak», – deb uqtirgan u.
Bu da’voga javob qaytargan isroillik yuqori martabali mulozimga ko‘ra, prezident Itsxak Gersog Trampga Netanyahuni afv etish masalasida va’da bermagan, balki masalani qonuniy tartibda ko‘rib chiqishini aytgan.
Donald Tramp ko‘pdan buyon Isroil prezidentini korrupsiyaga oid jinoyatlarda ayblanayotgan Netanyahuni afv qilishga chaqirib keladi.
Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, Netanyahu sud tomonidan aybdor deb topilsa, prezident uni afv etish vakolatiga ega.
Netanyahu poraxo‘rlik, firibgarlik va vakolatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. U jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan ilk amaldagi hukumat rahbari sanaladi.
Aslida, unga qarshi jinoyat ishi 2019 yilda qo‘zg‘atilgan. Ammo yahudiy davlati hamda HAMAS o‘rtasidagi urush sabab mahkama jarayoni ortga surilgandi.
Tergov idorasiga ko‘ra, Netanyahu milliarder va kinoprodyuser Arnon Milchandan uning tijoriy ishlariga ko‘mak berish evaziga bir necha o‘n ming dollarlik sovg‘alar olgan.
Bundan tashqari, u Walla yangiliklar saytiga egalik qiluvchi Bezeq telekommunikatsiya shirkatiga 475 ming yevrolik tartibga solish xizmatini taqdim etgan. Prokurorlar qaydicha, buning evaziga shirkatga qarashli OAV Netanyahu va uning xotini haqida maqtov ruhidagi materiallar e’lon qilgan.
Bosh vazir “Yedioth Ahronoth” nashri bilan ham shunday munosabatga kirishishda ayblanmoqda.
Netanyahuning o‘zi ayblovlarni rad etmoqda.
Hozirda sud jarayoni davom etmoqda. Netanyahu muhim davlat ishlari vajidan mahkamani bir necha marta ortga surdirgan.
Tahlilchilar fikricha, Netanyahu Falastin, Livan, Suriya, Yaman va Eronga qarshi harbiy amaliyotlar orqali o‘zining siyosiy umrini uzaytirish hamda sud-tergov jarayonini ortga surishga intilmoqda.
Netanyahuni Xalqaro jinoyat sudi ham og‘ir jinoyatlar uchun ta’qib qilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan.
Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.
Tramp Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlab keladi. Oq uy yahudiy davlatiga G‘azo sektorida olib borgan qonli harbiy harakatlarda, shuningdek, Eronga qarshi urushda yaqindan ko‘mak berdi.
Tramp ma’muriyati Netanyahuni himoya qilish uchun Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan sanksiya joriy etgani ham ma’lum. Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan XJSga jazo choralari qo‘llanishi misli ko‘rilmagan holat deb baholangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter