Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Netanyahuni tahqirladi – OAV

Tramp Netanyahuni tahqirladi – OAV

Tramp bu gal Netanyahuning biror talabini qabul qilmagan. Foto: EPA

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning kuni kecha AQShga amalga oshirgan tashrifi diplomatik muvaffaqiyatsizlik deb baholanmoqda. Isroil matbuoti esa prezident Donald Tramp Netanyahuni jamoatchilik ko‘z o‘ngida tahqirladi deb yozdi.

Vengriyadan to‘g‘ri Vashingtonga uchgan Binyamin Netanyahu 7-aprel kuni mezbon davlat rahbari Donald Tramp bilan uchrashgan. Uchrashuvda tomonlar G‘azo sektoridagi urush, AQSh tomonidan joriy etilgan bojlar hamda Isroil va Turkiya o‘rtasidagi taranglik va Eron yadro dasturini muhokama qilishgan.

Ikki siyosatchi ishtirokida Oq uyda jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etilgan.

Isroilning “Walla” nashri sharhlovchisi Barak Ravid fikricha, Netanyahu muzokaralar jarayonida Trampga biror bir masalada ta’sir ko‘rsata olmagan. Aksincha, yahudiy davlati siyosatchisi matbuot anjumanida tahqirlangan va “tilini yutgancha”, “gultuvak” kabi jimgina o‘tirgan.

“Amerikaning boshqa prezidentlari huzurida Netanyahu o‘zini erkin va agressiv tutgani ma’lum. (Tramp bilan uchrashuvda esa) Netanyahu kameralar qarshisida kulib, jimgina tomoshabin bo‘lib o‘tirdi. Vaziyat Netanyahu uchun o‘ng‘aysiz va tahqiromuz edi. Bu uning siyosiy zaifligi, Tramp siyosatiga ta’sir ko‘rsata olmasligi va Amerika prezidentiga to‘liq tobe ekanini ko‘rsatdi”, – deb yozadi isroillik sharhlovchi Barak Ravid.

Netanyahu uchrashuvda Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgan va bu bilan Anqaraga bosim o‘tkazish zarurligiga shama qilgan. Tramp bu shamaga e’tibor qaratmagan, boz ustiga, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan do‘stona munosabatda ekanini ta’kidlab, Netanyahuga bu masalada “aql bilan ish yuritish”ni tavsiya etgan.

Isroil bosh vaziri Eronga qarshi harbiy harakatlar uchun Oq uydan “oq fotiha” olishga uringani taxmin qilinadi. Ammo Tramp Eronga harbiy hujum ehtimolini ham rad etgan holda, Tehron rasmiylari bilan yadro dasturi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazilishini e’lon qilgan. Isroilning “Maariv” gazetasi tahlilchisi Anna Barskaya fikricha, bu Netanyahu uchun kutilmagan holat edi. Shu tariqa Tramp Tel-Avivning Eronga harbiy hujum haqidagi taklifini rad etgan va ziddiyatni diplomatik muzokara orqali yechishga undagan.

“Tezkor tashrif mobaynida bir necha muammoni bir urinishda hal qilish va katta ochko olishni ko‘zlagan Binyamin Netanyahu xorijdagi bir haftalik safarini noqulay tarzda yakunladi. Xorijiy safardan juda kam javob va ko‘plab savollar tug‘ildi”, – deb xulosa qiladi tahlilchi Anna Barskaya.

Ma’lumki, AQSh prezidenti Donald Tramp 2-aprel kuni 183 davlatga 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda import bojlarini joriy qildi. Shu farmon doirasid Isroilga ham qo‘shimcha 17 foiz boj tatbiq etilmoqda. Netanyahu Tramp bilan uchrashuvda mazkur bojni ham bekor qilishga urinishi kutilayotgandi.

Isroilning “Yediot Axronot” nashri sharhlovchisi Itamar Eyxnerning yozishicha, uchrashuv mobaynida Netanyahu boj masalasidan so‘z ochganida, Tramp Isroilga har yili milliard-milliard dollar ko‘mak berilayotganini aytib, boj bekor qilinmasligiga ishora etgan.

Shunga ko‘ra Itamar Eyxner ham “Netanyahu Vashingtondan quruq qo‘l bilan qaytdi” deb hisoblaydi.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil bosh vazirining joriy yil fevraldagi Vashingtonga safari katta diplomatik yutuq deb baholangandi. O‘shanda Tramp Netanyahuga “Bibi, buyuk yo‘lboshchi” yozuvi tushirilgan fotosurat ham sovg‘a qilgandi.

Ayni choqda, tahlilchilar Trampning Netanyahuga ro‘yxushlik bermasligi muvaqqat holat ekani, Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotgan respublikachi siyosatchi kelgusida strategik masalalarda baribir Tel-Avivning yonini olishini aytmoqda. Bu borada Tramp butun dunyoning e’tiroziga qaramay, Isroil rasmiylari taklif etayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga surgun qilish rejasini dastaklab kelayotganini eslash kifoya.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring