Tramp NUJlar va «o‘zga sayyoraliklar» haqidagi hujjatlarni oshkor qilmoqchi
Donald Tramp noma’lum uchar jismlar (NUJ) va yerdan tashqari hayotga oid davlat hujjatlarini oshkor qilishni va’da qildi. Uning aytishicha, Pentagon va boshqa idoralarga «o‘zga sayyoraliklar va yerdan tashqaridagi hayot» bilan bog‘liq materiallarni bosqichma-bosqich e’lon qilish topshiriladi.
Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Tramp ehtimoliy maxfiylashtirishni bekor qilish masalasini «juda murakkab, ammo juda qiziqarli va muhim» deb atadi. U qarorini jamoatchilikning katta qiziqishi bilan izohladi.
15-fevral kuni Barak Obama intervyuda «qaysidir joyda hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli katta» ekanini aytgan edi. U hazil aralash, prezidentlik davrida «yerdan tashqari tamaddunlar biz bilan aloqa qilganiga oid hech qanday dalil ko‘rmaganini» qo‘shimcha qilgan.
19-fevral kuni esa Tramp jurnalistlar bilan suhbatda bir paytlar koinot ulkanligi sababli boshqa joyda hayot bo‘lishi ehtimoli yuqori, degan umumiy fikrni bildirgan Obamani «maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgan»likda aybladi.
«U buni maxfiy ma’lumotlardan olgan... Unga bu haqda gapirish shart emas edi», – dedi Tramp.
Hozircha Pentagon yoki boshqa rasmiy idoralar hujjatlarni qachon va qay tarzda e’lon qilinishi mumkinligi bo‘yicha aniq ma’lumot bermagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter