Turkiya rasmiysi Falastin–Isroil ziddiyatida haqiqat tomonda bo‘lishga chaqirdi
Falastin hamda Isroil o‘rtasida navbatdagi qurolli ziddiyat boshlangan dastlabki kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta axborot tarqatish kampaniyasi avj oldi. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun Istanbulda o‘tgan Osiyo-Tinch okeani axborot agentliklari uyushmasi (OANA) anjumanida gapirgan.
«Isroil–Falastin ixtilofi bo‘yicha dastlabki tahlillar ko‘rsatmoqdaki, ziddiyatning ilk kunlarida Twitter platformasidagi verifikatsiyaga ega 74 foiz sahifalardan soxta ma’lumotlar tarqatilgan. Ukraina urushining ilk kezlarida ham shunday holat kuzatilgan edi. Bu tendensiya dunyoning boshqa nuqtalaridagi ziddiyatlarda ham kuzatilsa ajab emas», – deydi professor Faxriddin Altun.
Ta’kidlanishicha, dunyodagi nufuzli ommaviy axborot vositalari ko‘p millionli auditoriyaga gegemonlik tasavvurlarini singdirishga, haqiqatga ters ma’lumotlar orqali ommani chalg‘itishgan urinmoqda.
«Bizning bosh vazifamiz – haqiqat tomonida bo‘lmoqdir. Har bir tasdiqlanmagan da’vo, har bir yolg‘on ma’lumot haqiqat poydevorini yemiradi», – deb ogohlantirgan Turkiya rasmiysi.
Turkiya Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Falastin–Isroil ziddiyatida soxta ma’lumotlar tarqalishining oldini olishga hissa qo‘shib kelmoqda.
18-oktyabrga o‘tar kechasi G‘azo sektoridagi «Al-Ahli» shifoxonasiga Isroil tomonidan berilgan raketa zarbasi oqibatida yuzlab odam halok bo‘ldi. Isroil tomoni ushbu fojiada Falastindagi guruhlarni aybladi. Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Tel-Aviv o‘z da’vosini asoslash uchun tarqatgan hujjatlarni o‘rganib, dalil sifatida keltirilgan ayrim materiallar 2022-yilga oid ekani, shuningdek, ulardan manipulyativ usulda foydalanilganini aniqladi.
Markaz Yaqin Sharqdagi ziddiyat bo‘yicha OAVda tarqatilayotgan yana boshqa soxta ma’lumotlarga ham raddiya bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter