Va’da qilingan qasos: husiylar Isroil armiyasi shtabiga hujum qildi

Yaman husiylari harbiy voizi Yahyo Sariya harakatning Isroil hududiga yangi zarbalari haqida xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaffadagi (O‘rtayer dengizining sharqiy sohilidagi shahar, Tel-Aviv-Yaffaning bir qismi) Isroil kuchlari Bosh shtabi binosiga birinchi marta hujum qilingan.
Sariya ta’kidlaganidek, zarba “Sammad-4” dron yordamida amalga oshirilgan. Yana uchta uchuvchisiz samolyot Al-Xadira elektr stansiyasiga, Yaffa hududidagi Lod aeroportiga va “Falastinning bosib olingan hududi”dagi Ashdod portiga hujum qildi. Uning so‘zlarini Yamanning SABA agentligi keltirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq husiylar Oliy siyosiy kengashi rahbari Mahdi al-Mashat Yaman bosh vaziri Ahmad G‘olib ar-Rahaviyning o‘ldirilishi uchun Isroildan o‘ch olishga va’da bergan edi. Rahaviy 29-avgust kuni Isroil harbiy-havo kuchlarining Sana shahriga bergan zarbasi natijasida halok bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter