Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy tezyurar poyezdi chiptasi necha pul?

Xitoy tezyurar poyezdi chiptasi necha pul?

Foto: Myskillsconnect.com

Xitoyda tezyurar poyezdlar chiptalari 15-iyundan 20 foizga qimmatlashadi, bu haqda tezyurar temir yo‘l liniyalari operatorlariga asoslanib Yicai nashri xabar berdi. Yaqinda berilgan e’lonlarga ko‘ra, Uxan va Guanchjou, Shanxay va Xanchjou hamda Shanxay va Kunmin oralig‘ida qatnovchi soatiga 300 kilometr tezlikda yo‘l bosuvchi poyezdlarning chiptalari qimmatlashadi.

So‘nggi marta narxlar 2021-yil iyunida oshirilgan, Shanxay-Pekin tezyurar poyezdiga ikkinchi toifali chiptalar 11 foiz — 598 yuandan 662 yuanga ($85 dan $94 ga) oshirilgandi. Ma’lumot uchun: Pekin va Shanxay o‘rtasidagi masofa — 1 207,7 km.

O‘tgan yili yo‘lovchilar soni ancha ko‘payishi ortidan temir yo‘l kompaniyalarining daromadlari oshdi, shu bois cho‘chimasdan narxlarni oshirishmoqda. Xitoy davlat temir yo‘llari, temir yo‘llarda yo‘lovchi va yuklarni tashuvchi milliy operator rekord darajada yillik daromad o‘sishiga erishib (39 foiz), jami daromadi 964,1 mlrd yuanga ($133,6 mlrd) yetdi.

2023-yilda Xitoyda temir yo‘llar orqali 3,68 milliard yo‘lovchi tashildi, kunlik yuqori ko‘rsatkich 20 million yo‘lovchini, o‘rtacha 10 milliondan ortiq yo‘lovchini tashkil etdi. 2024-yilda Xitoy davlat temir yo‘l kompaniyasi yo‘lovchilar soni 3,9 milliardga yetishini yoki 5 foizga o‘sishini kutyapti.

Temir yo‘l rekordlari birjada ro‘yxatga olingan temir yo‘l kompaniyalari daromadlarida ham aks etdi. 2022-yildan 580 mln yuan ($80,4 mln) kamomad bilan chiqqan Beijing-Shanghai High-Speed Railway kompaniyasi 2023-yilda 11,5 mlrd yuan ($1,6 mlrd) sof foyda oldi. Mamlakatdagi eng ommalashgan yo‘nalishga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya bu borada Xitoyning qit’a qismidagi eng serdaromad Spring Airlines aviakompaniyasini (2,3 mlrd yuan ($318,8 mln) ortda qoldirib ketdi.

Safarga otlanayotgan xitoylik yoshlar (21 dan 30 yoshgacha) va keksalar (60 yosh va undan kattalar) samolyotdan ko‘ra poyezdni afzal ko‘rishmoqda, deyiladi Qunar onlayn sayyohlik agentligi tahlil markazi yaqinda bergan hisobotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring