Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy universitetlarida 12 mingdan ziyod mutaxassislik tugatildi – sabab ma’lum

Xitoy universitetlarida 12 mingdan ziyod mutaxassislik tugatildi – sabab ma’lum

Foto: Xinhua

Xitoy oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillardagi eng yirik islohot amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq, akademik dasturlar ro‘yxati sun’iy intellekt bilan bog‘liq mutaxassisliklar foydasiga ommaviy ravishda qayta ko‘rib chiqilmoqda. 

Southern China Morning Post nashri yozishicha, mamlakatda 2021-yildan 2025-yilgacha 12,2 mingga yaqin bakalavriat dasturi yopilgan yoki vaqtinchalik to‘xtatilgan

O‘quv dasturlaridan, jumladan, xorijiy tillar, gumanitar fanlar, menejment va ijodiy kasblar bilan bog‘liq bo‘lgan qator yo‘nalishlar chiqarib tashlandi. Avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarining faol joriy etilishi fonida mazkur sohalar mutaxassislar bilan to‘yingan va talab kam bo‘lgan yo‘nalishlar sifatida qaralmoqda.

Yopilgan yo‘nalishlar o‘rniga sun’iy intellekt, robototexnika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha 10 200 ga yaqin yangi dastur ochildi.

O‘zgarishlar mamlakatdagi oliy ta’lim dasturlarining 30% dan ortig‘ini qamrab oldi.

Mehnat bozoridagi vaziyat ham islohotlar uchun qo‘shimcha turtki bo‘ldi. Xitoy rasmiylariga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 16% dan oshadi, bu esa ta’lim tizimiga bo‘lgan bosimni yanada kuchaytirmoqda.

Bo‘shagan o‘rinlarni strategik texnologik tarmoqlarga yo‘naltirilgan yangi mutaxassisliklar egallamoqda. Xususan, qator universitetlar allaqachon sun’iy intellektni robototexnika, sanoat va muhandislik majmualariga integratsiya qilish bilan bog‘liq yo‘nalishlarga oid dasturlarni ishga tushirdi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Xitoy dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot (YaIM) 18,4 trillion dollarni tashkil etdi. YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdori 13,1 ming dollarga to‘g‘ri keldi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari shiddat bilan o‘sib borayotgan pallada Xitoy jamiyatning hayotining barcha yo‘nalishlari, jumladan, ta’limni SI taraqqiyotiga moslashtirishga urinmoqda.

AQSh turli sohalar qatori sun’iy intellekt yo‘nalishida ham Xitoy bilan ayovsiz raqobat qilmoqda. Al Jazeera tahlillariga ko‘ra, sun’iy intellekt sohasidagi poygada Vashington ilg‘or yarimo‘tkazgichlardan foydalanish imkoniyati bo‘yicha Pekindan ustunlik qilmoqda. Ammo sun’iy intellekt chiplaridan foydalanuvchi ulkan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini energiya bilan ta’minlash masalasiga kelganda, Xitoy yaqqol ustunlikka ega.

Kuchli raqobat muhitida Meta, Alphabet, Microsoft, Amazon kabi texnogigantlar sun’iy intellekt ravnaqi uchun yuz milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda

Microsoft o‘tkazgan tadqiqot natijalari ko‘ra, generativ sun’iy intellekt tarjimonlar, tarixchilar, yozuvchilar, muharrirlar kabi axborot, yozuv ishlari va kommunikatsiya bilan bog‘liq kasblar egalari istiqboliga tahdid solmoqda

Tahlilchilar sun’iy intellekt boy va kambag‘al davlatlar o‘rtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirishi mumkinligidan ham ogohlantirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring