Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tahlilchilar: «Kuppa-kunduzi prezident o‘g‘irlab ketildi!..»

Tahlilchilar: «Kuppa-kunduzi prezident o‘g‘irlab ketildi!..»

Foto: Global Look Press

3-yanvarga o‘tar kechasi Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlarida portlashlar ro‘y bergani, AQSh prezidenti Donald Trampning farmoniga ko‘ra harbiy amaliyot boshlangani haqida xabar bergandik

Bir necha soatdan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali AQSh Venesueladagi obyektlarga zarba berganini tasdiqladi. Oq uy rahbari, shuningdek,  Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau Venesuelada «mustabid» Nikolas Maduro hokimiyati ag‘darilgani va u endilikda «jinoyatlari uchun» sud oldida javob berishi haqida bayonot berdi.

Venesuela tashqi ishlar vazirligi AQShni xalqaro huquqni buzgan holda bosqinchilik harakatini sodir etishda aybladi va BMT Xavfsizlik kengashidan chora ko‘rishni so‘radi.   

Tramp ma’muriyati Venesuela rahbarini AQShga noqonuniy ravishda giyohvandlik moddalarini yetkazishda ayblab kelayotgan edi. Vashington rasmiylariga ko‘ra, Venesuela orqali amalga oshirilayotgan narkotrafik AQSh milliy xavfsizligiga, jumladan, jamiyat salomatligi va yoshlar xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Maduroning o‘zi narkosavdoga aloqadorlik aybini rad etgan.

Venesuelani 2013-yildan buyon boshqarib kelayotgan Nikolas Maduro 2024-yil iyul oyida prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini e’lon qilgach, xalqaro hamjamiyat noroziligiga nishon bo‘lgan. U saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblangan.  

AQSh Maduroni qo‘lga olganlik uchun 50 million dollar mukofot puli e’lon qilgan edi.

So‘nggi oylarda Qo‘shma Shtatlar Maduro ma’muriyatiga qarshi bosimlarni kuchaytirayotgan, uni ag‘darish uchun har qanday variant qo‘llanishi mumkinligidan ogohlantirayotgan edi.

O‘zbekistonlik tahlilchi va ijtimoiy tarmoq faollari Donald Trampning Venesuelada amalga oshirgan harakati xalqaro huquqqa zid ekaniga e’tibor qaratmoqda.

«Kuppa-kunduz bir davlatning rahbarini o‘g‘irlab ketishdi. Bu hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Uning motivini tushundik, lekin bunday usul bilan xohlagan ish qilish oqibatini anglashmaganini tushunmadim. Hamma xohlagan ishini qilishi mumkin endi. Oqibati AQShning o‘ziga qarshi ishlaydi. Tramp nazoratni yo‘qotdi», — deb yozdi siyosatshunos Farhod Karimov.

«Katta davlatlar birin-ketin o‘z qudratini namoyish qilmoqda. Endi navbat Xitoyning Tayvanga hujumigami?» — deya savol qo‘ydi tadqiqotchi Otabek Akromov.

«Xalqaro munosabatlar sohasidagi qator tahlilchilar va tadqiqot markazlari (jumladan, Council on Foreign Relations) operatsiyaning ko‘lami va intensivligi uni faqat aksilnarkotik tadbir sifatida talqin qilishni qiyinlashtirishini qayd etadi. Ularning fikricha, amaldagi strategiya Venesuelada siyosiy hokimiyatni almashtirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin», — deb yozdi siyosatshunos Muxtor Nazirov.

«Afsuski, mana shunaqa zo‘ravonlar zamonida yashayapmiz. Aql, fikr kuchi emas, bilak kuchi hal qilyapti hammasini. Venesueladan keyingi nishon Eron bo‘lsa kerak. Rosa qaynab turibdi hozir», — deya munosabat bildirdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

«G‘irt ahmoqlik! 2026 yil ham dunyo uchun yaxshi kelmaydiganga o‘xshaydi! Dunyoda adolat yo‘qolyapti, katta davlatlar kichik davlatlar ustidan nazorat o‘rnatishni boshlab yubordi!» — deb yozdi «Turakulov Economics» kanali muallifi.

«Deyarli bir oycha vaqt ketdi. Tramp yana bir oycha kutib, 24-fevralda Venesuelaga bostirib kirganda, o‘zini oqlashga yaxshigina ramz yaratardi (Rossiyaning 2022-yil 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgani nazarda tutilmoqda — tahr.) Va bugun dunyoning ikkinchi tomoni gapirishni boshladi. 2022-yil 24-fevralda jim turganlar bugun xalqaro huquq va BMT haqida gapirishni boshladi. AQSh rostan Maduroni asir olgan bo‘lsa — bu amerikalik harbiylarning jiddiy yutug‘i. Men u Turkiyaga qochib ketishga ulguradi deb o‘ylagandim. Va hech kim AQShga hech nima qila olmaydi. Amerikaliklar hujumni davom ettirsa ham dunyo hech qanday reaksiya bildira olmaydi», — deb yozdi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.

«Nishonga otaman deb piyodalar yo‘lakchasidagi odamlarga adashib boltani otib yuborgan TV boshlovchini mudofaa vaziri qilib, undan keyin mudofaa vazirligini nomini urush vazirligi deb o‘zgartirishgandan so‘ng yana nimani kutish mumkin edi? Venesuela qirg‘oqlarida qayiqda ketayotganlarni hech qanday dalil-sud-hukmlarsiz bular narkoterroristlar edi deb bombardimon qilish bilan to‘xtab qolishmasdi-ku. Tinchlik bo‘yicha Nobelni menga beringlar emish yana», — deya mulohazalarini bayon qildi AQShda yashayotgan taniqli iqtisodchi Botir Qobilov.

«Shunday qilib dunyo neftining 16 foizi AQSh nazoratiga o‘tdi», — deb xulosa qildi Telegramdagi «Strategic Focus: Atlantic» kanali.

Ma’lumot o‘rnida: saylov kampaniyasi davrida urush olib bormaslikka va’da bergan Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida lavozimga kirishgan 2025-yil yanvar oyidan buyon olti davlat hududida harbiy amaliyot o‘tkazdi. Jumladan, Oq uy xo‘jayini buyrug‘iga ko‘ra AQSh harbiylari Somali (2025-yil 1- fevral), Eron (2025-yil 22-iyun), Yaman (2025-yil 15-mart), Suriya (2025-yil 19-dekabr), Nigeriya (2025-yil 25-dekabr), Venesuela (2026-yil 3-yanvar) kabi davlatlarga harbiy zarba yo‘lladi.

Avvalroq AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak so‘nggi 80 yil ichida Qo‘shma Shtatlar ishtirokida dunyo bo‘ylab 93 ta davlat to‘ntarishi yoki tuzum o‘zgarishi amalga oshirilganini tan olgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring