Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiyadan keltirilgan gul ko‘chatlari nega yo‘q qilindi?

Italiyadan keltirilgan gul ko‘chatlari nega yo‘q qilindi?

Foto: Xabar.uz

Samarqandda Italiyadan olib kelingan gul ko‘chatlari yo‘q qilindi, aniqrog‘i, yoqib yuborildi.

— Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat davlat inspektorlari tomonidan Samarqand shahriga karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish bilan bog‘liq qonun hujjatlari buzilgani aniqlandi, — dedi «Xabar.uz» bilan suhbatda viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Baxtigul G‘aniyeva. — Buning ortidan o‘tkazilgan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, mamlakatda bakterial kasallik qo‘zg‘atuvchi zararkunanda tarqalishining oldi olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi gulchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor oila Italiyadan 100 dona atirgul ko‘chati hamda 100 dona Gardeniya grandiflora gullarini olib kelgan. Ushbu karantin osti mahsulotlaridan tashqi iqtisodiy faoliyat davlat inspektorlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda namunalar olingan va O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga ekspertiza uchun yuborilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, atirgul ko‘chatlarida Erviniya amilovora (Erwinia amylovora) bakterial kasallik qo‘zg‘atuvchisi (danak mevali daraxtlarning nekrotik dog‘lanish kasalligi), Gardeniya grandiflora gullarida esa sitrus oq qanoti zararkunandasi borligi aniqlangan.

Gardeniya grandiflora gullarini namli zararsizlantirish imkoni borligidan foydalanib, shu usul bilan bu gul turlari saqlab qolindi.

Karantin osti mahsulotlari hisoblangan 100 dona atirgul ko‘chatlarini esa eksportyor davlatga qaytarib yuborishning imkoni yo‘qligi sababli, viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining mas’ul xodimlari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yoqib yuborish yo‘li orqali yo‘q qilingan.  

Italiyadan O‘zbekistonga ko‘plab o‘simlik va gullar turlari importi qonuniy tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Ammo, o‘tgan oyda O‘zbekistonga olib kiritilishiga rasman ruxsati bo‘lmagan, Italiyadan keltirilgan 86 tup kameliya gullari, garchi ularda kasallik alomatlari ko‘rinmasa ham yo‘q qilingan edi. Vaholanki, gullar yetishtirilgan joy haqida aniq xulosalar bo‘lmaganda, boshqa hududda jarayon qanday davom etishini hech kim oldindan aytolmaydi, deyishadi mutaxassislar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring