Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiya va kreativ yondashuvlar asosida. AKT-maktabga o‘qishga kira olgan 10-sinf o‘quvchilariga kompyuter beriladi

Innovatsiya va kreativ yondashuvlar asosida. AKT-maktabga o‘qishga kira olgan 10-sinf o‘quvchilariga kompyuter beriladi

IT-maktabga qabul qilingan har bir 10-sinf o‘quvchisiga oylik yo‘l chiptasi hamda kompyuter beriladi.

Foto: «INHA»

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 14-sentyabrdagi qarori asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilganidan xabaringiz bor.

Ixtisoslashtirilgan maktabda bolalarga davlat umumiy o‘rta ta’lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlari chuqur o‘rgatiladi.

Shuningdek, o‘quvchilarda dasturlash asoslari, ma’lumotlar bazalari va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish ko‘zda tutilgan.  Maktab nizomiga ko‘ra, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi.

AKT-maktabga nechanchi sinfdan o‘quvchilar qabul qilindi?

Maktabga dastlab 5-sinfdan qabul e’lon qilindi. AKTga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar tomonidan shu yilning 16-oktyabr kuniga qadar 189ta hujjat topshirildi.

Matematika bo‘yicha imtihon 21-oktyabr  kuni va ingliz tili bo‘yicha imtihon 22-oktyabr kuni o‘tkazildi. Imtihonlarni Toshkent shahridagi INHA universiteti xodimlari davlat tilida o‘tkazdilar. Ota-onalar imtihonni monitor orqali onlayn kuzatib turishdi.

Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilindi va o‘qish joriy yilning 10 noyabridan boshlandi.

10-sinf o‘quvchilari ham o‘qishga qabul qilinadi

Joriy yilda ko‘plab ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida yurtimizda 11 yillik ta’lim qayta tiklandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi AKT-maktab 2017-2018-o‘quv yili uchun 10-sinf o‘quvchilarini qabul qilish uchun tanlov e’lon qildi.

Qanday hujjatlar topshirilishi kerak?

  • Maktab direktori nomiga ariza;
  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma yoki pasport nushasi;
  • 086/U-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;
  • Yashash joyidan ma’lumotnoma;
  • 3x4 hajmda 6ta fotosurat;
  • 9-sinfni bitirganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma nushasi;
  • Ota va ona pasporti nushasi.

Hujjatlar qayerga topshiriladi?

Ixtisoslashtirilgan maktab manzili: Mirzo Ulug‘bek tumani,Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy. Telefon raqami: 262-48-87.

Hujjatlar 2018-yil 6-yanvar kuniga qadar qabul qilinadi.

Imtihon Toshkent shahridagi INHA universiteti binosida o‘tkaziladi.

Infografika: «Xabar.uz»

Maxsus aksiya! AKT-maktabga qabul qilingan har bir 10-sinf o‘quvchisiga oylik yo‘l chiptasi hamda kompyuter beriladi

2018-yil yurtimizda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb nomlanishi munosabati bilan AKT-maktabda maxsus aksiya tashkil etildi.

Unga ko‘ra, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar qator imtiyozlarga ega bo‘ladilar.

O‘qishni istagan yoshlar 2018-yilning 6-yanvar kuniga qadar kerakli xujjatlarni topshirishlari va matematika, fizika, ingliz tili fanlaridan yozma imtihonlardan o‘tishlari lozim.

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar axborot texnologiyalari, fizika va matematika fanlarini chuqur o‘rganishlari bilan birga qator imtiyozlarni qo‘lga kiritadilar.

Jumladan, har bir o‘quvchiga oylik yo‘l chiptasi hamda o‘qish davomida foydalanish uchun kompyuter beriladi.

Bundan tashqari fizika, matematika va ingliz tilidan Toshkent shahridagi INHA universiteti o‘qituvchilaridan qo‘shimcha darslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ushbu tashabbuslardan yagona maqsad: «O‘zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi shart».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring