Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sotqin begona emas» — «Hizbulloh» rahbarining o‘ldirilishiga doir yangi tafsilotlar ochiqlandi

«Sotqin begona emas» — «Hizbulloh» rahbarining o‘ldirilishiga doir yangi tafsilotlar ochiqlandi

Nasrullohning o‘limi AQSh va Isroilda bayram, Eron va Livanda motam o‘laroq qabul qilindi.

Foto: AP

Yaqin Sharqdagi qudratli tuzilmalardan biri «Hizbulloh» harakati rahbari Hasan Nasrulloh 27 sentyabr kuni Isroil armiyasining Livan poytaxti Bayrutga hujumi payti o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik. 

Qayd etish joizki, Isroil maxsus xizmati 1992 yildan buyon «Hizbulloh»ga yetakchilik qilib kelgan Hasan Nasrullohni o‘ldirish uchun o‘n yillar davomida uringan.

«Le Parisien» gazetasi xavfsizlik vajidan ko‘p yillardan buyon yerosti bunkerida yashagan va jamoatchilikka juda kam ko‘rinish bergan Nasrulloh qanday o‘ldirilganiga doir yangi tafsilotlarni ochiqladi.

Fransuz nashriga ko‘ra, «Hizbulloh» tarkibiga kirib olgan, aslida, Isroil foydasiga ishlab kelgan eronlik agent Nasrullohning manzilini Tel-Avivga yetkazgan.

Hasan Nasrulloh 27 sentyabr kuni Isroil aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan «Hizbulloh»ning dronlar bo‘yicha qo‘mondoni Muhammad Husaynning dafn marosimida qatnashgan. Ta’ziya marosimi Bayrutning  Haret-Hreyk tumanida – harakatning yerosti qo‘mondonlik markazi yaqinida o‘tkazilgan. Bu vaqtda Isroilning bunkerga qarshi aviabombalar bilan qurollangan F-35 uchoqlari «nishon» o‘z qarorgohiga qaytishini kutib turgan.

Kunning ikkinchi qismida eronlik ayg‘oqchi Isroilga Nasrulloh qarorgohga qaytganini ma’lum qilgan. Hasan Nasrulloh yerosti shtabiga Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining maxsus bo‘linmasi sanalgan «Quds» qo‘shini qo‘mondoni o‘rinbosari, brigada generali Abbos Nilforushanning mashinasida qaytgan.

Yashirin yig‘ilishda yana 12 qo‘mondon qatnashishi rejalashtirilgandi. Ularning barchasi bir yerda jamlangach, Isroil armiyasi mazkur bino va unga tutash inshootlarni bombalagan. 

Bombalarning portlash kuchi shu qadar katta bo‘lganki, hududda 30 metrlik o‘ra hosil bo‘lgan. Foto: EPA/EFE

«Le Parisien» nashri Hasan Nasrullohni o‘ldirish uchun SAXAL har biri ikki tonnalik  6 ta bombani tashlagani haqida yozgan.

Boshqa manbalar «Hizbulloh»ning qarorgohiga har biri bir tonnalik 85 ta bomba tashlangan deb hisoblaydi.

Bomba «yomg‘ir»ida «Hizbulloh» qo‘mondonlari bilan birgalikda eronlik yuqori martabali general Abbos Nilforushan ham halok bo‘lgan.

Bombalarning portlash kuchi shu qadar katta bo‘lganki, oltita bino butkul vayron bo‘lgan va hududda 30 metrlik o‘ra hosil bo‘lgan.

Buyuk Britaniyaning «Financial Times» gazetasi yozishicha, «Hizbulloh» shia harakati 2012 yili Suriyada Bashar Asad rejimiga yaqindan ko‘mak bergan paytda Isroil harakatning ichki tuzilishi va kurash usullari bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘sha kezlar eronparast deb baholanadigan «Hizbulloh» harakati a’zolari soni keskin ortgan. Yahudiy davlati maxsus xizmati vaziyatdan foydalanib, harakat ichiga o‘z ayg‘oqchilarini kiritgan.

AQSh va bir qator davlatlarda terrorchi guruh ro‘yxatiga kiritilgan «Hizbulloh» harakati yetakchisining o‘ldirilishi dunyo davlatlari tomonidan turlicha qabul qilindi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Nasrullohning o‘ldirilishini «odil chora» deb atagan va Vashington Isroilni Eron dastaklayotgan barcha guruhlardan himoyalashda davom etishini ta’kidlagan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi bu hodisani keskin qoralagan va Isroildan Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonga ko‘ra esa, Nasrullohning o‘limi qarshilik harakatini yanada mustahkamlaydi.

BMT hamda Fransiya, Germaniya kabi davlatlar Livandagi beqarorlik yanada kuchayishidan xavotir izhor qilgan.

So‘nggi haftalarda Isroil va Livan chegarasida vaziyat o‘ta keskin tus oldi.

Isroil armiyasi Livan hududiga 23 sentyabrdan buyon yo‘llayotgan aviazarbalarda 1174 kishi halok bo‘ldi. Livan rasmiy idoralariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning  104 nafari bolalar va 194 nafari ayollardir.

O‘z navbatida, «Hizbulloh» ham Isroil tomon raketalar uchirgan.

Jahon matbuoti Isroil Livanga bostirib kirishni rejalashtirayotgani haqida yozmoqda.

Hoshim Safiuddin «Hizbulloh»ning yangi bosh kotibi bo‘lishi mumkin. Foto: Getty Images

Saudiyaning «Al-Hadath» nashri «Hizbulloh» ijroiya kengashi rahbari Hoshim Safiuddin harakatning yangi bosh kotibi etib saylangani haqida xabar berdi. Marhum Hasan Nasrulloh bilan amakivachcha bo‘lgan 60 yoshli Hoshim Safiuddin «Hizbulloh» amaliyotlarida harakat tashkil etilgan 1982 yildan buyon faol qatnashib keladi.  U Eron bilan yaqin aloqalarga ega ekani, xususan, «Quds» bo‘linmasining marhum qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniyning kuyovi ekani aytiladi.

Hoshim Safiuddin yangi bosh kotib etib saylanganini «Hizbulloh» mas’ullari rad etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring