Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Qiziqchilik — tirikchilik: bachkanalik haddan oshganda... (video)

Qiziqchilik — tirikchilik: bachkanalik haddan oshganda... (video)

Yaqinda (23-24-fevral kunlari) «Handalak» guruhi «Istiqlol»da konsert berdi. Shunga tushdim. Bir joydan chipta kelib qolgandi, bo‘lmasa, ko‘zim uchib turgani yo‘q edi. Tekinning sho‘rvasi tatimas (bunaqa paytda iboralar ham o‘zgarib ketarkan) deganlaridek, konsertga tushganimga afsuslandim. Keyin bilsam, men yolg‘iz emas ekanman.

To‘g‘risi, yoshi bir joyga borib qolgan Zokir Ochildiyev va Ortiq Sultonovga bachkana qiliqlar umuman yarashmabdi, menga erish tuyuldi. Qo‘pol qilib aytganda, bir qarasang, o‘zini u ko‘yga soladi, bir qarasang, bu ko‘yga. Maqsad bitta — nima qilib bo‘lsa-da, tomoshabinni kuldirish.

Ha, rost, hech kim Hojiboy Tojiboyevchalik bo‘lolmayapti, u kishi boshqacha edi. Lekin Hojiboy ham odam edi, oddiy odam. Odamlarni kuldirish uchun chiranmasdi. Hozir Avaz Oxun uning yo‘lidan ketayapti, agar keyinchalik aynimasa.

Ko‘pchilik jurnalistlarga e’tiroz bildiradi. «Nega faqat «Million» va «Dizayn»ni tanqid qilasizlar? Mirza, Shukur, Vali, Obid, mana «Handalak» qo‘shildi, ular ham bachkanalik qiladi, oilaviy ko‘rib bo‘lmaydi-ku», — deyishadi. Ular, afsuski, haq. Masalan, «Million» beposhna hazillari uchun juda qattiq tanqidga uchrab, litsenziyasi olib qo‘yilgan paytda yuqorida ismlari keltirilgan qiziqchilar xulosa chiqarishi kerak edi aslida. Yoki litsenziya beruvchi tashkilotlar (Madaniyat vazirligi, «O‘zbekkonsert» DM) ularga ham chora ko‘rishi lozim edi. Buning uchun haliyam kech emas.

Askiyachilik alohida e’tirof qilinadi xalqimizda. Bachkanalikda ayblangan qaysidir yosh qiziqchi askiyachilarning hazillarini indamay eshitasizlar-ku, holbuki, ularda ham bachkanalik bisyor degandi. To‘g‘ri e’tiroz ekan. Men aynan askiya tarixi bilan qiziqdim. Ne ajabki, askiya XIX asrda ruslar bosqini paytida choyxona bilan birga kirib kelgan ekan. Ya’ni bu san’at turi hech qachon bizniki bo‘lmagan, xuddi choy kabi. Askiyaga eng munosib ta’rifni yozuvchimiz Said Ahmad berib bo‘lgan: «Askiya — erkaklar hammomi».

Demak, sahnada aytilayotgan beldan pastga tegishli barcha «hazillar» hammomda yoki choyxonada, ya’ni erkaklar o‘zlari xoli qolgan joyda bo‘lishi kerak. Buni sahnaga yoki televideniyega olib chiqib bo‘lmaydi. Sahna madaniyati buziladi. «Dizayn» konsertini «Zo‘r TV» namoyish etganida bachkana joylarini kesib tashlagan.

Aynan shu telekanalning «Siz bilan» loyihasida yana bir qiziqchimiz Obid Asomov hozirgi yosh qiziqchilarni va o‘zini bachkana deganlarga izoh bergan (videoni ko‘ring). Lekin shunda ham o‘zini oqlab ketgan. Gapni qarang: «Qiziqchilar ozgina bachkanalikni qo‘shmasa, kulgi chiqmaydi». Samimiy kulgi va beposhna gaplar farqi mana shunday xaspo‘shlash orqali yo‘qqa chiqib ketmoqda.

Endi shu joyida mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilaman: hurmatli kattakonlar, sizlar ham qiziqchilarning konsertiga tushib ko‘ring (shundog‘am konsertga tushishingiz mumkin, lekin bir safar tanqidiy ruhda ko‘ring, o‘rganing-chi). Oila a’zolaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, onalaringiz va ayollaringizni olib kiring. Shukrullo Isroilovning kurakda turmaydigan hazillarini onangizning oldida bir eshiting. «Handalak»chilarning «moljallob»ini tinglab, qizlaringizning yuzlariga bir qur qarab qo‘ying. Ana undan keyin chuqur mulohaza qiling va bular konsert qo‘yishga loyiq ekan degan xulosani berishga shoshilmang. Sizlardan rasmiy javob, munosabat yoki izoh kutib qolamiz.

Tanganing ikkinchi tarafi ham bor. «Million»ni tanqid qilganimda tomoshabinlarni ham ayblagan edim. Masalan, chet elda qo‘shiqchilar fonogrammada konsert bersa (avvalo qo‘shiqchilar buni o‘zlariga or deb bilishadi), tomoshabindan qanday yomon munosabat bo‘lishini bilishadi: qo‘liga nima tushsa, unga qarata uloqtirishi mumkin masalan. O‘zbek tomoshabini ham tanlashni bilsin, didni bilsin, yaxshi va yomonni, oriyatni bilsin. Fonogrammali konsertga bormasin, borsa, qo‘pol qilib aytganda, toshbo‘ron qilsin. Qiziqchilarga nisbatan ham shu gapni aytish mumkin.

Qiziqchilar mavzusiga mos tushishi uchun xulosamni, ularning uslubida, quyidagicha tugatmoqchiman (qo‘pollik uchun oldindan uzr) — bir fohishadan so‘rashibdi: «Nega sen bu ish bilan shug‘ullanasan?». Fohisha javob beribdi: «Nima qilay, tirikchiligim shu, qo‘limdan boshqa ish kelmaydi. Men ham yashashim kerak-ku!».

Комментарии 3

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети