Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

O‘rtachi orqali turk-o‘zbek nikohi qanchaga tushadi? «Turkiyada o‘zbeklar» turkumidan (1-maqola)

O‘rtachi orqali turk-o‘zbek nikohi qanchaga tushadi? «Turkiyada o‘zbeklar» turkumidan (1-maqola)

Nomunosib juftlik qancha vaqt birga yashay oladi? Bundan kim ko‘proq jabr ko‘radi?

Turkiya so‘nggi o‘n yilliklarda minglab o‘zbek muhojirlari uchun najot mamlakati bo‘lib keldi. Lekin, lira qadri keskin tushgani ortidan o‘zbeklarning bir qismi Turkiyani tark etishdi. Bugunda Turkiyada qolayotganlar orasida esa bir vaqtlar uyiga oyida 800-1000 dollargacha mablag‘ jo‘natgani ham o‘sha daromadining yarmicha, hatto undan ham kamrog‘ida ishlayotgani aytiladi.

O‘zbeklar, shunchaki Turkiyaga moslashib bo‘lgani, tilni, joylarni, yo‘llarni o‘rganib olgani, mamlakatga kirish yengilliklari, jumladan, borish xarajatlari nisbatan kamligi yoki deylik, boshqa mamlakatga o‘tish harakati o‘xshamagani sabab takror bu yerga yo‘l oladilar. O‘zbek muhojirlari soni avvalgilardan kamaygani bilan Turkiyada hozirda ham minglab o‘zbekistonlik ishlamoqda.

Xo‘sh, Turkiyadagi o‘zbek muhojirlari hayoti, quvonch-tashvishlari qanaqa? Mavzuga oid rejalashtirilgan ijodiy safar ma’lum sabablarga ko‘ra ortga surilgani sayin bugun aytilishi, bugun yozilishi kerak, zarur bo‘lgan qirralar yarq etib o‘zini ko‘rsataveradi.

Kelinning bolasi bor ekan...

Turkiyaga kelin bo‘lgan o‘zbek qizlari baxtli hayoti haqida eshitganmiz, ijtimoiy tarmoqlarda suratlar va videolarni ko‘rganmiz. Ammo, so‘nggi yillarda Turkiyada o‘zbek ayollari bilan bog‘liq «Kelin mafiyasi» degan ibora paydo bo‘lganki, baxt va’da qilingan o‘zbek qizlarini sotayotgan o‘zbek ayollari, turfa nayranglar bilan kuyovni ham, kelinni ham boshi berk ko‘chaga olib kirgani ma’lum.

Turkiyaning «STAR» televideniyesi jurnalisti Zahide Yetish bir necha oyki ana shu mavzuni ekranga chiqarmoqda. Turkum ko‘rsatuvlar g‘oyasi shunday, o‘rtachilar turk yigiti uchun o‘zbek qizini topishadi. Iddaolarga ko‘ra, oraga tushgan kishi, turli bahonalarda kattagina pul oladi. Yangi kelin esa bir necha kun yoki bir necha oyda turk xonadonidan yo qochib ketadi yoki ajralishadi. Kelinlardan bir qismi Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjat tayyor bo‘lganda g‘oyib bo‘lgani ta’kidlanadi.

Ko‘rsatuvda shunday qismatga duch kelgan kuyovlar qatnashadilar. Ko‘rsatuvning har yangi sonida ular soni ortib borayotgani kuzatiladi. «Kelin mafiyasi» firibgarligini boshqarayotganlar deb namanganlik uch ayol ismi tilga olinadi.

Zahidexanim ko‘rsatuvining so‘nggi sonidan ayrim parchalarni matnda taqdim qilamiz.

«Oshnalarim bilan kafeda o‘tirgandik. Qiz topib beradigan o‘rtachi bor, deyishdi. Biror hafta o‘yladim, keyin bir qarorga keldim va o‘rtachining telefon raqamini oldim» deydi Fatih.

Boshlovchi Fatihga nega Turkiyaning o‘zidan uylanmagani haqida savol beradi. «Topolmadik. Bir-ikki marta so‘radik, bermadilar. Yoshim 43 da, shunda, tavakkal qildim». Fatihning aytishicha, unga 10-15 nafar qizning suratini ko‘rsatishgan. Ulardan birini ma’qul qilganda ishni cho‘zib-cho‘zib so‘ng, bu qiz Turkiyaga kirishi mumkin emas, deb aytishgan. Bu orada esa Fatihdan 30 ming lira olingan. So‘ngra, boshqa bir qizni topishgan. Chipta, ul-bul xarajatlari uchun deb yana 30 ming lira jo‘natilgan. Xullas, Fatih to‘y va boshqa xarajatlardan tashqari naqd bergan puli 60 ming lira (Bugungi kunda 60 ming lira 2 ming dollardan ortiqroq mablag‘. Fatih 2022 yil o‘rtalarida uylanganini hisobga olsak, inflyasiya darajasiga ko‘ra, bu mablag‘ yanada qiymatliroq bo‘lgan). Fatih gapirar ekan, ekranda qizil ro‘molga o‘rangan namanganlik juvon surati yirik planda ko‘rsatiladi. Erkak ayoli bilan o‘zini baxtli his qilgan. «Bir kuni ishdan kelsam, yig‘idan yuzi shishib ketgan. Nima bo‘ldi desam, narigi xonaga o‘tdi. Qo‘lida bir surat. «Bu mening bolalarim» dedi».

Fatih.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol to‘ydan oldin Fatihga O‘zbekistonda turmushga chiqqani va eri vafot etganini aytgan. Suratdagi bolalarni esa akasining bolalari degan ekan. Ayoldan «Bolalar seniki ekanini nega boshidan aytmading?» deb so‘raganda, «O‘rtachilar shunday o‘rgatdi» deb javob olgan. Fatihning aytishicha, ayoliga bolalarni olib kelamiz, ularga ozor bermayman degan. Lekin, ayol nimani o‘ylagan, nega bunday yo‘l tutgan, yuqoridagi voqeadan ko‘p o‘tmay, bir yarim oy birga yashagan Fatihni tark etgan...

Go‘khan ismli yigit hikoya qilishicha, u ayolini juda sevgan, ular birga atigi 54 kun yashagan. Faqat ayol ketganidan keyingina, uning O‘zbekistonda farzandi borligini bilgan. «Uni qiz bola deb olib kelishdi. To‘yni ayolning hayz kunlarida uyushtirishdi. Bu holatda uning avval oila ko‘rganini bilish qiyin. Men bunda ayollarni ayblamayman. Ularni qo‘rqitishgan, aytma deyishgan. Ular ham biz kabi jabrdiyda aslida. Bizning da’vomiz bu ishlarni tashkil qilganlarga».

Yigit kech topgan baxti barbod bo‘lganidan qattiq iztirobda ekani ko‘zidan sizib chiqqan yoshdan bilinardi.

Go‘khan.

U xotini uchun Turkiyada yashash huquqini beruvchi hujjatni rasmiylashtirgani ertasi, ayol uydan chiqib ketganini ta’kidlaydi. Go‘khan ayol uchun 35 ming lira bergan (o‘tgan yilgi kurs hisobida bir yarim ming dollar atrofida mablag‘). «Bizning umidimizni ham so‘ndirdilar», deydi u. Go‘khanning aytishicha, uning xotini hozirda O‘zbekistonda avvalgi eri bilan yashayapti.

«Cho‘g‘ g‘ariban insanlar»

Turkum ko‘rsatuvlarda o‘rtachi ayollar onlayn tarzda suhbatga tortiladi. Ulardan biri, savolga javoban «Turk yigitlari iltimoslarga ko‘ra, 15-20 nafar kelin topib berganman» deganda, studiyadagi kuyovlar, yaqinlari bu ayol 50-60 nafar qiz olib kelgani haqida aytganini yuziga solishdi. Boshlovchi o‘rtachi ayollarga «Siz tomonlarda erkak yo‘qmi? Nega qizlar o‘z yurtida turmushga chiqmaydiyu, bu yerga kelib turkka erga tegadi?» deb savol berdi.

– Go‘zal hayot istaydilar va shuning uchun Turkiyaga ketadilar.

– Go‘zal hayot istaydilar, biroq ko‘rmagan, bilmagan joyga, faqat yigit bilan telefonda gaplashib, keladigan joylari go‘zal ekanini qanchalik biladilar? Boradigan joylari uzoq qishloqlar bo‘lsa. Siz Istanbuldan manzil bermaysiz-ku.

Boshqa bir o‘rtachi B. ekranga ters turib bergan intervyusida Turkiyaga O‘zbekistondan erga tegish uchun keladiganlarni «cho‘g‘ g‘ariban insanlar» dedi.

O‘rtachilarni tanigan, Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik ayollardan biri esa studiya bilan telefon aloqasida «Ular olib kelgan qizlarini tungi klublarda ishlatib ko‘radilar. Ishni uddalay olmaganlarini yuqoridagi shaklda uzoq qishloqlarga erga beradilar», deb gapirdi.

Muallif Zahide Yetish bu xil nikohlardan o‘zbekistonlik qizlar ham aldangan bo‘lishi mumkinligi ehtimolini-da o‘rtaga tashlaydi. Ne bo‘lganda ham qisqa vaqtli nikohlarda bo‘lgan o‘zbek qizlarining turk erlari bilan tushgan suratlari katta formatda kadrda qayta-qayta ko‘rsatiladi.

Besh karra besh...

Navbatdagi ko‘rsatuv (8 dekabr) davomida suratlar ostida bir necha juftlik birga yashagan muddati va turk er uylanish uchun sarflagan mablag‘ining bugungacha yo‘qotilishi (aftidan foizlardagi penya) miqdori aniq raqamlarda ko‘rsatildi.

Mustafa 180 kun birga yashagan va 990 ming lira yo‘qotgan.

Go‘khan 54 kun, 350 ming lira,

Serkan 3 kun, 250 ming lira,

Veysel 28 kun, 460 ming lira,

Hasan Huseyn 5 kun, 250 ming lira,

Devlet 16 kun, 250 ming lira,

Kadir 10 kun, 400 ming lira,

Mevlud 45 kun, 600 ming lira.

Boshlovchi 8 nafar yigitning besamar nikohi uchun ketgan pulini umumlashtirdi – 3 mln 550 ming lira (120 000 dollardan ortiqroq).

Bu mablag‘ va yana bir qancha holatda olingan pullarni o‘rtachilar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani urg‘ulanadi. Aslida 10 ming dollar Turkiyada uylanish xarajatlari uchun uncha katta mablag‘ hisoblanmaydi. (Kuni kecha nomdor tadbirkorlar farzandlari to‘yida kelinga 8 kilogramm tilla taqinchoq berilgan, yerga tushgan pullarni maxsus belgilangan 5 kishi yig‘ib olgan va pullar qoplarga joylangan).

Turk yigitlarining ancha kech uylanishi sabablaridan biri shu. Ko‘rsatuv markazida bo‘lgan yigitlar kech bo‘lsa ham turk qiziga uylanmagani ham kamchiqimlik bilan bog‘liqdir, ehtimol. Xullas, bir necha ming dollar qiymatidagi pulni shunchaki havoga sovurish, kamiga ruhiy zarba olishdan turk kuyovlari, ularning yaqinlari o‘zlarini jabrdiyda sanaydilar.

«O‘zbekman, deyishga uyalaman»

Ko‘rsatuvning har bir soni Turkiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari bahs-munozaralariga sabab bo‘lmasdan qolmaydi. Jumladan, «Turkiyadagi o‘zbeklar» telegram kanalidagi izohlarda quyidagi yozuvlarni o‘qish mumkin.

«...Shunday qilib allaqancha «kelinlar» bor. Turkiyada erma-er aylanib yuribdi».

«O‘zbekman, deyishga uyalaman. Sharmanda! Yuzimiz qolmadi. 7 yilki ishlab yuribmiz. O‘zimizga ishonib kelganmiz. Mehnatimiz orqasidan hujjat ham oldik. Sassiq erkaklari o‘zlariga qolsin, kerakli mablag‘ni ishlab topsam, ketaman».

«Uyat, uyat. Shundaylarni deb o‘zbekning yaxshi ayollari ham ta’naga qoladi. Joningni ozgina qiynab ishlasang, halol pul toparding».

«Man ham turkka turmushga chiqqanman. Alhamdulilloh, xo‘jayinim juda ham yaxshi inson. Qiyinchilik ko‘rgan, ayolning qadriga yetadilar. Men bola qarab uyda ishlagan paytlarimda ular bilan tanishganman».

«Ular ham qolishmaydi. O‘g‘rini qaroqchi uribdi».

Zahide Yetish ko‘rsatuvi ortidan yutubda turk fuqarolari ham o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan...

O‘zbek kelini haqiqiy jabrdiyda kimligini aytdi

12 dekabr oqshomidagi ko‘rsatuvda o‘zbek qizi Robiyaxon ishtirok etdi. U o‘zidan 15 yosh katta Aydinga sotilganini uning uyiga kelgandan so‘nggina bilgan ekan. Robiyaxon unga deb berilgan puldan bir tiyin ham olmaganini ta’kidladi. Faqat samolyot biletini olib berishganligini aytdi. «Mening ota-onam doimo O‘zbekistondan tashqarida edilar. Yetti yot begona o‘zbek oilasida ulg‘aydim. Turmushga chiqdim. Erimni juda yaxshi ko‘rardim. 3 nafar farzandli bo‘lganda ajralishdik. Qaynonam meni boshdan qabul qilolmagan edi. Erim boshqaga uylandi. Men bolalarim va o‘z muammolarim bilan qoldim. Onam o‘tgan yili vafot etdi. Otam qayerda yuribdi, bilmayman.

Men aslida Turkiyadan ish izlagan edim. Bir odam bor, bolalaring bilan qabul qiladi, deyishganda, yaxshi odam ekan deb o‘yladim. Avvaliga qo‘limdagi bolam bilan kelsam, moslashib bo‘lgach kattalarini ham olib kelaman degan fikrda edim. Lekin, men uchun qanchadir pul berilgani uchunmi, menga qul kabi munosabatda bo‘ldilar. Aslida, men baxtli bo‘lish uchun kelgandim. Ichib kelib urgan, zo‘rlagan kunlari kam emasdi. Och qolardim. O‘zlari issiq suvda yuvinib, menga faqat sovuq suvga ruxsat bor edi. Bolamga qo‘shnilar eski-tuskilarini berishdi. Bir kuni qochib ketmoqchi bo‘ldim. O‘shanda tilni bilmayman, yo‘lni bilmayman. Qandaydir bozorga borib qoldim. O‘zbek er-xotin savdo qilayapti ekan. Ular uyga qaytishim kerakligini, aks holda, menga o‘g‘rilik yoki boshqa bir ayb qo‘yib tuhmat qilishlari mumkinligini tushuntirishdi. Uyga kelganimda meni shu oilaga topib bergan o‘zbek ayol, B. xonim va uning onasini chaqirishdi. Ular meni rosa urishdi, pasportimni tortib olib erimning qo‘liga berishdi. Boshqa bir kunda jandarma jonimga oro kirdi. Ular meni qutqarishdi, hujjatlarimni olib berishdi», deb hikoya qiladi Robiyaxon.

Boshlovchi savollarga ko‘mdirganda, Robiyaxonning eri, studiyadagi 48 yoshli Aydin bungacha 5-6 marta uylangan va ajrashganini tan oldi.

O‘rtachilar qilmishidan o‘zlarini jabrdiyda deb bilayotgan kuyovlar qatorida jabrdiyda kelinlar borligini Robiyaxon birinchi bo‘lib ommaga bildirdi. Boshlovchi jabr ko‘rgan o‘zbek qizlari uchun ham studiya eshigi doimo ochiqligini takrorladi.

Zahidexonimning davomli ko‘rsatuvlari ortidan yuzaga chiqqan odam savdosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni Turkiyaning huquq-tartibot idoralari o‘rganishga kirishgan. So‘nggi soatlarda yuqorida o‘rtachi sifatida tilga olingan o‘zbek ayoli B. hamda o‘zbek o‘rtachilari bilan hamkorlikda bo‘lgan turk ayoli qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети