Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik amaldor migrantlar borasida xavotirli taklif aytdi

Rossiyalik amaldor migrantlar borasida xavotirli taklif aytdi

Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar Ukraina urushida ishtirok etishdan bosh tortsa fuqarolikdan mahrum etilishi kerak. Ushbu taklif Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin tomonidan ilgari surildi.

«Maxsus harbiy amaliyot (Rossiya rasmiylari Ukrainaga bosqinni shunday ataydi – tahr.) davom etar ekan, o‘ylaymanki, ular (migrantlar) maxsus harbiy amaliyotga jalb etilishi kerak. Agar Rossiya Federatsiyasi fuqarosi o‘z harbiy burchini bajarmasa, u fuqarolikdan mahrum etilishi lozim», – deydi A.Bastrikin.

RF Tergov qo‘mitasi boshlig‘i joriy yil yanvar oyida ham fuqarolik olgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti o‘lkalari vakillarini urushga yuborish haqida gapirgan edi.

Mulozim xorijliklar harbiy xizmatni chetlab o‘tgan holda Rossiya fuqaroligi imkoniyatlaridan foydalanayotganini da’vo qilgan.

«Oxirgi 5 yilda O‘rta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlaridan kelgan bir milliondan ziyod shaxs, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan 550 ming kishi fuqarolik oldi. Xususan, 2022 yilning birinchi yarmida mazkur davlatlarning 60 mingdan ziyod voyaga yetgan fuqarosi Rossiya fuqaroligiga o‘tdi. (Fuqarolik) huquqlar berib qolmay, ayni choqda, qabul qiluvchi mamlakatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni ham ko‘zda tutadi», – degan Tergov qo‘mitasi boshlig‘i.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya fuqaroligini olmay, u yerda tirikchilik qilayotgan mehnat muhojirlarini ham turli yo‘llar bilan Ukraina urushiga yuborish holati ko‘payayotgani aytilmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida qayd etilishicha, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, Rossiya fuqaroligi va’da qilinmoqda.

Avvalroq BBC nashri Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan buyon kamida 93 nafar Markaziy Osiyo fuqarolari, jumladan, 34 nafar o‘zbekistonlik jang maydonida halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring