Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yashil makon»: Toshkentda ekologlar «qo‘shib yozish»ga majburlanyapti

«Yashil makon»: Toshkentda ekologlar «qo‘shib yozish»ga majburlanyapti

Ekologiya vaziri maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayevning bildirishicha, Toshkent shahrida ekologiya xodimlari amalda ekilmagan daraxtlarni «ekildi» deb yozilgan hujjatlarni imzolashga majbur qilinyapti.

Ya’ni, «Yashil makon» doirasidagi Toshkent shahrida reja bo‘yicha bahor mavsumida 600 ming dona ko‘chatlar ekilishi belgilangan.

Kusherbayevning bildirishicha, tartibga ko‘ra, ekilgan ko‘chatlar tuman hokimliklaridagi shtablar tomonidan «Yashil makon» platformasiga kiritiladi. So‘ngra bu ma’lumot tuman ekologiya bo‘limi xodimlari tomonidan joyiga borib tekshirilgach, tasdiqlanadi.

«Biroq ko‘chat ekish ishlari joylarda ko‘zbo‘yamachilik va bosim o‘tkazishga aylanib ketmoqda.

O‘tgan vaqtda poytaxtda «Yashil makon» platformasiga kiritilib, haqiqatda ekilmagan 41 mingdan ortiq ko‘chatlarni ekologiya xodimlari  tasdiqlashmagan. Bu esa tuman hokimliklari, IIB va prokuratura tomonidan ekologiya xodimlariga bosim o‘tkazilishiga olib kelgan», – deb yozadi vazir maslahatchisi.

Xususan, Yakkasaroy tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i K.Bekturganov 29-mart kuni tungi soat 03:00da ichki ishlar xodimlari tomonidan uyidan olib ketilib, ekilmagan daraxtlarni «Yashil makon» platformasiga kiritib, tasdiqlash talab qilingan. K.Bekturganov chamasi 10 soatlar ichki ishlar xodimlari tomonidan noqonuniy ushlab turilgan.

Bundan tashqari 30-mart kuni kunduzgi soat 10:00da Shayxontohur tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i X.Miraxmedov chamasi 3 soatlar tuman prokuraturasida noqonuniy ushlab turilib, ekilmagan daraxtlarni «Yashil makon» platformasiga kiritish hamda tasdiqlash talab qilingan.

Shuningdek, Uchtepa tumani hokimligi tomonidan 2024 yil 3-aprel kuni Uchtepa tumani ekologiya bo‘limi xodimlari o‘z ishxonasiga ya’ni tuman ekologiya bo‘limi xonasiga kiritilmay bosim o‘tkazilgan.

«Bu birgina Toshkent shahrida bo‘layotgan holat. Bunday holatlar boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda va barchasi jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda o‘rganib borilmoqda.

Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» loyihasining bu kabi bosim va ko‘zbo‘yamachiliklarga aylantirilishiga qarshimiz hamda ekologiya xodimlariga nisbatan bu kabi bosimlar to‘xtatilishini talab qilamiz.

Ishonamizki, O‘zbekiston xalqi va davlatimiz rahbari «Yashil makon» loyihasining haqqoniy va xolis amalga oshirilishi tarafdori», – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring