Sardobadagi hodisa boshqa joyda qaytarilmasligiga kafolat bormi? Vazir o‘rinbosari bilan suhbat
Ma’lumki, 1-may kuni erta tongda Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida joylashgan suv ombori 6 piketida suv chiqishi kuzatildi, bu esa ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ldi. Voqea joyiga davlat rahbari va bosh vazir yetib bordi. 60 mingdan ziyod kishi uyini tark etdi.
Xabar.uz axborot-tahliliy portali mazkur hodisa, suv ombori va boshqa masalalar yuzasidan Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov bilan suhbatlashdi.
– Vohidjon aka, avvalo, Sardoba suv ombori haqida gaplashsak. Suv ombori ahamiyati, shu paytgacha tutgan o‘rni haqida gapirib bersangiz.
– Sardoba suv ombori ahamiyati jihatdan yuqori o‘rinda turuvchi inshoot sanaladi. Birinchi navbatda, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari yerlarini sug‘orishda muhim o‘rin tutadi. Umumiy hajmi 922 million metr kubni tashkil etadi.
Suv omborining asosiy vazifasi kuz, qish va bahorda Sirdaryo daryosida ko‘payadigan suvni olib, akkumlatsiya qilish (g‘amlash) va uni yozda sug‘oriladigan yerlarga yetkazishdir.
Sirdaryoning yuqori oqimidagi Tojikiston va Qirg‘izistonda qurilgan suv omborlari energetik tartibda ishlaydi. U yerda GESlar orqali suv qishda qo‘yib yuboriladi. Natijada, bu suvni saqlab qolish va ishlatish muhim. Sardoba suv ombori qurilgach, Sirdaryo va Jizzaxdagi sug‘orish bilan bog‘liq muammolar deyarli yuz foizga hal etilgan edi. (Shu vaqtga qadar 65-70 foiz bo‘lgan).
– O‘zbekiston bo‘ylab boshqa suv omborlarining ham moddiy-texnik holatini tekshirib chiqish va nazorat qilish rejasi bormi? Bu Sirdaryodagi hodisa boshqa joylarda takrorlanmasligiga kafolat bo‘ladimi?
– Vazirligimiz qoshida «Davsuvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi mavjud. Ushbu tashkilot respublikada mavjud barcha yirik suv inshootlari texnik holatini tekshirib turish vazifasini bajaradi. Agar suv omborlarida biror kamchilik aniqlansa, tegishli tashkilotlarga ma’lum qilinadi.
Inspeksiya qoshida diagnostika markazi bor. Ular tomonidan yirik suv inshootlari har besh yilda tekshirilib, xavfsizlik deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Sardobadagi hodisa esa mutaxassislar aytganidek, kuchli yomg‘ir va shamol natijasida vujudga kelgan to‘lqin loyihaviy rejadan ortiq bo‘lishi natijasida kelib chiqqan. Bu texnogen hodisa deyiladi.
– Kechagi hodisa O‘zbekistondagi barcha yirik suv havzalari texnik holatini chuqur tekshirish lozimligini ko‘rsatdi. Bu borada ishlar amalga oshirilyaptimi?
– Biz allaqachon bu ishni boshlab yuborganmiz. Respublika hududida joylashgan nafaqat barcha suv omborlari, kanallar boshqa havzalar holatini ham o‘rganish boshlangan. Boshqa ob’yektlarda bunaqa xavf yo‘qligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan yirik suv inshootlari, sel va toshqin xavfi mavjud bo‘lgan joylarda tunu kun faoliyat olib boruvchi shtablar tuzilgan va navbatchiliklar belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida: Yurtimizda joylashgan Sardoba va Chorvoq suvomborlaridan boshqa barcha yirik suv inshootlari Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufida sanaladi. Sardoba suv ombori «O‘zbekiston temir yo‘llari», Chorvoq suv ombori esa «O‘zgidroenergo» tashkiloti tasarrufidadir.
Ulug‘bek Oripov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter