Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bekobod shahar IIBga olib kirilgan aka-ukalarning biri vafot etgan. Holatga rasmiy munosabat bildirildi

Bekobod shahar IIBga olib kirilgan aka-ukalarning biri vafot etgan. Holatga rasmiy munosabat bildirildi

Joriy yilning 19-iyun kuni Bekobod shahar IIB binosiga olib borilgan aka-ukalarning biri vafot etdi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining mazkur voqeaga bildirgan munosabatiga ko‘ra, o‘sha kuni 1981-yilda tug‘ilgan D.Yu. va 1978-yilda tug‘ilgan D.Yu.lar Bekobod shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ukalari – JKning 104-moddasi 2-qismi «ye,k,l» bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli X.Yu.ning sud ishida ishtirok etishgan.

Sud mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘tarishgani oqibatida jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.

Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.

Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.

Berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqarolardan biri 1981 yilda tug‘ilgan D.Yu. sog‘ligi yomonlashib hushini yo‘qotgan.

Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borganlar. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etganligi aniqlangan.

IIV Matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning bildirishicha, holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olingan bo‘lib, guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilmoqda, tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlangan.

«Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’iy nazar favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilarini, shu jumladan har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi», – deb yozadi G‘iyosov. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring