Isroil vaziri falastinliklarni G‘azodan surgun qilmoqchi
Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich falastinliklarni G‘azoni tark etishga chaqirdi.
Isroil armiyasi radiosiga intervyu bergan amaldor falastinliklar G‘azoni bo‘shatsa, yahudiylar uni gullatib yuborishini iddao qilgan.
Falastin ahliga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrichga ko‘ra, G‘azoda 100-200 ming chog‘li arabni qoldirib, ikki million aholini ko‘chirish kerak.
HAMAS Isroil moliya vazirining ikki million falastinlikni ko‘chirish haqidagi taklifini harbiy jinoyat va agressiya deb baholagan. Harakat xalqaro hamjamiyat va BMTni Isroilning Falastin xalqiga nisbatan sodir etayotgan jinoyatlarini to‘xtatish va uni javobgarlikka tortish yo‘lida amaliy harakatga undagan.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos ham na G‘azodan, na G‘arbiy sohildan aholini ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.
2023-yil oktyabr oyida Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada Tel-Aviv ma’muriyati vaziyatdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi.
Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgandi.
«Isroilning hozirgi harakatlari biror guruh, xususan, HAMASga qarshi shunchaki kurash emas. Balki bu Falastin xalqiga qarshi urushdir. Bundan ko‘zlangan maqsad esa G‘azo sektorida qolgan falastinliklarni Sinay sahrosiga siqib chiqarishdir. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, sionistlarning «Yersiz xalq uchun xalqsiz yer» degan mashhur shiori amalga oshirilmoqda. Ular Falastinning ushbu qismi va G‘azo sektori butunlay tozalanishi kerak deb hisoblaydi», – degan doktor Javad Muhammad Avad.
Tahlilchilar bu ikkinchi Naqba (1948-yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan ogohlantirmoqda.
Bir oy muqaddam moliya vaziri Betsalel Smotrich ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgandi. Isroil tomonidan Falastinning bosib olingan hududlarida noqonuniy uylar qurilishini hatto uning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham nomaqbul deb biladi. Negaki, bu xalqaro huquq hamda Falastin davlatchiligining namoyishkorona poymol etilishidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter