Dorilar sifati – eng ustuvor masala
O‘zbekistonda qaysi turdagi dorilarga talab katta? Nima uchun farmatsevtikada sifat nazorati birinchi darajali masala bo‘lishi kerak? Ishlab chiqarishda GMP standartiga o‘tish nima degani? Bu savollarga Polpharma guruhi bosh direktori Markus Ziger javob berdi.
1. Polpharma guruhi o‘z ishida qanday falsafa yoki tamoyillarga tayanadi?
– Biz odamlarga sog‘lom dunyoda sog‘lom hayot kechirishga ko‘maklashish falsafasi asosida ishlaymiz. Ya’ni maqsadimiz kasallikni tuzatish emas, balki odamlarning to‘g‘ri turmush tarzini olib borgan holda uzoq umr kechirishini ta’minlashdan iborat. Kompaniyamiz 85 yildan ziyod faoliyat olib bormoqda va bu vaqt ichida aniq strategiya va yo‘limizni belgilab olishga ulgurdik. 2009 yilda Polpharma group Qozog‘istonda tadqiqot va rivojlanish uchun investitsiya kiritdi va bu hozirda o‘z samarasini berayotgani quvonarli. Xuddi shuningdek, O‘zbekistonga ham uzoq muddatli loyiha bilan kelganmiz. Istiqboldagi vazifalarimizdan biri Chimkentda Markaziy Osiyo farmatsevtik xabini rivojlantirish, zamonaviy R&D va sifat nazorati markazini yaratish, shuningdek, ishlab chiqarish maydonimiz uchun GMP sertifikatini olish maqsadida YeI inspeksiyasidan o‘tish.
Ta’kidlash kerakki, nafaqat tibbiyotga, balki ta’limga ham investitsiya kiritamiz. Mijozlarni davolashdan tashqari, ularning tibbiy bilimini oshirishga harakat qilamiz. Bunga misol tariqasida Qozog‘istonda ishga tushirilgan mobil ilovani keltirib o‘tishim mumkin. Bu ilovada onalar pediatriyaga oid savollarni yuboradi va bu savol professorlar bilan muhokama qilinib, unga javob beriladi. Shuningdek, bolalarda uchraydigan turli kasalliklarni davolash bo‘yicha onalar uchun gayd-layn ishlab chiqilgan. Sababi, Polpharma guruhi pediatriya sohasida kuchli. Sog‘liqni saqlashda odamlarning ehtiyojlarini o‘zgartirish muhim.
2. Markaziy Osiyo bozorida Polpharma uchun mavjud qiyinchiliklarga to‘xtalib o‘tsangiz.
- Hozirgi kunda Markaziy Osiyo biz uchun muhim bo‘lgan uchta hududdan biri hisoblanadi. Biz bu yerda mahsulotlarimizga katta talab va potensial borligini ko‘rdik. Shu talabdan kelib chiqqan holda, yangi mahsulotlar olib kirmoqchimiz, ammo har bir mintaqaning o‘ziga xos standartlari bor va bunga moslashish ko‘p vaqt talab etadi. Farmatsevtik preparatlar yevropa standartlariga muvofiq ishlab chiqarilishi zarur. Ya’ni laborator va ishlab chiqarish qurilmalaridan tortib, dori mijozga yetib borguniga qadar – hammasi belgilangan standartga mos bo‘lishi kerak. Bu ko‘p mablag‘ va kuch talab qiladigan jarayon. Shu kunga qadar laboratoriyada 200dan ortiq dorini ishlab chiqardik va yana shuncha dorini ishlab chiqarishni rejalashtiryapmiz. Raqamlashtirish, avtomatizatsiya, sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha boshqa institutlar bilan hamkorlikda ishlayapmiz.
Ayni paytda Markaziy Osiyoda 1300 nafar xodimimiz bor, shulardan 56 foizini yuqori malakali mutaxassislar tashkil etadi. Xodimlarimizni faoliyat turi bo‘yicha uch guruxga ajratish mumkin: 1. Tijorat bo‘limi, 2. Texnik ishchilar, 3. R&D yo‘nalishida ishlaydigan xodimlar. Ular oldiga qo‘yiladigan asosiy talablar bu: oliy ma’lumotga va yuqori darajadagi motivatsiyaga ega bo‘lish. Xodim sifatli va foydali mahsulotni taqdim etishi uchun unda kuchli ishtiyoq bo‘lishi zarur. Polpharma group’ning yana bir vazifasi ishchilar ofisga yuzida tabassum bilan kelishini ta’minlashdan iborat.
3. So‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar sifatida nimalarni sanab o‘ta olasiz?
- Avvalambor, biz O‘zbekistonda yuqori salohiyatga ega tez o‘sib borayotgan jamoa tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Hozir bu yerdagi farmatsevtik kompaniyalar orasida 13-o‘rindamiz. Yildan-yilga kompaniyaning qamrovi va xodimlar soni kengayib bormoqda. Ayni paytda O‘zbekistonga uch turdagi dori vositalarini yetkazib beryapmiz va ularga yetarlicha talab bor. Bular og‘riq qoldiruvchi dori vositalari, vitaminlar hamda yurak-qon tomir xastaliklarini davolovchi preparatlar.
Sifat - bu asosiy ustuvor maqsadimiz.
Bilamizki, har bir dorining aks ta’siri mavjud. Bu bilan bog‘liq salbiy holatlar oldini olish uchun biz sifat nazorati bo‘limi bilan birgalikda ishlab, har bir preparatni belgilangan standart asosida ishlab chiqaramiz va qayta tekshiruvdan o‘tkazgandan keyingina dorini yetkazib berish bosqichiga o‘tamiz. Shu bois, dorilar sifati yuqori darajada ekanligini ishonch bilan ayta olaman.
Ta’kidlash kerakki, COVID-19 pandemiyasi farmatsevtika sohasi, xususan, bizning kompaniyamiz uchun ham katta saboq bo‘ldi. Chegaralar yopilgani uchun xomashyo yetkazib berishda, qadoqlashda muammolar bo‘ldi. Ammo biz o‘z ishimizni qilishda davom etdik. Dorilarni vaqtida yetkazib berdik. Biroq ta’minot to‘xtab qolmasligi uchun yangi yo‘nalishlar o‘ylab topishga ehtiyoj tug‘ildi. Hozir biz mana shu masalalar ustida ishlayapmiz.
Ma’lumot uchun: Polpharma group tarkibiga kiruvchi SANTO farmatsevtik kompaniyasi vakilligi O‘zbekistonda 2021 yilda ish boshlagan. Oldinroq, 2009 yilda O‘zbekistonda Polpharma vakolatxonasi mavjud edi. Guruh doirasida keng tarqalgan surunkali xastaliklarni davolashda yetakchi ahamiyat kasb etuvchi dorilar ishlab chiqariladi. Polpharma group portfelida 700dan ortiq preparat mavjud.
Hozirgi paytda guruhning modernizatsiya va sertifikatlashga kiritgan investitsiyalari miqdori 108 million AQSh dollarini tashkil etmoqda va 2025 yilgacha 130 million AQSh dollariga yetishi taxmin qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter