Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev qutlovlarni qabul qilishni boshladi

Shavkat Mirziyoyev qutlovlarni qabul qilishni boshladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovdagi ishonchli g‘alabasi uchun qo‘shni va qardosh mamlakatlar rahbarlaridan tabriklarni qabul qilishni boshladi.

Dastlab, Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov telefon qilib, davlatimiz rahbarini muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi va qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda amaliy hamkorlik kengayib bormoqda. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

***

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon ham mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

***

Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev mamlakatimiz yetakchisiga tabrigida O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy kun tartibidagi masalalarni ikki mamlakat hukumatlari darajasida puxta ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro tashkilotlar, shu jumladan Qo‘shilmaslik harakati va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

***

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyevning saylovdagi ishonchli g‘alabasini O‘zbekiton yetakchisining davlat farovonligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin dalili, deb atadi.

Suhbat chog‘ida Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarini strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida yanada chuqurlashtirish tarafdori ekani ta’kidlandi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqotida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘z bordi.

Suhbat avvalida Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutladi, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, muhim investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring