Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Davlat imtihon olish markazlari Prezident qaroriga zid ravishda yopilgan» – Rasul Kusherbayev

«Davlat imtihon olish markazlari Prezident qaroriga zid ravishda yopilgan» – Rasul Kusherbayev

Foto: «Gazeta.uz»

Keng jamoatchilik va saylovchilardan bo‘layotgan murojaatlarni inobatga olib, Toshkent  shahrida haydovchilar uchun imtihon oluvchi «Yagona imtihon markazi» faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va davlat imtihon markazlari yopilishida iste’molchilar huquqlari, raqobat hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi nomiga «deputatlik so‘rovi» kiritgan edim. Kuni kecha qo‘mita javob berdi, deb yozmoqda deputat Rasul Kusherbayev.

Qo‘mitaning bildirishicha, Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4913-sonli qarorning 1-bandi, to‘rtinchi xatboshida tegishli hududlarda davlat funksiyalari o‘tkazilayotgan sohalarda yetarli miqdorda xususiy sektor sub’yektlari tashkil etilguniga qadar mazkur funksiyalarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq shunga qaramay hozirgi kunda respublikaning ba’zi hududlarida (Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Toshkent viloyatida 6 ta) Ichki ishlar vazirligi tizimidagi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish markazlari ushbu sohada yetarli miqdorda xususiy sektor sub’yektlari tashkil etilmay turib, Prezident qarori talablariga zid ravishda faoliyati to‘xtatilgan.

Prezident qarorida aynan bir tashkilotga eksklyuziv huquqlar berilmagan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan barcha tadbirkorlik sub’yektlariga haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtig‘onlarni olish huquqi berilgan.

Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Prezident qarori talablariga zid harakatlar sodir etilayotganligi sababli Vazirlar Mahkamasi (Hukumatga) kiritish uchun tegishli taklif ishlab chiqibdi.

Taklifda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha faoliyati ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarining yetarlicha tashkil qilinguniga qadar, ya’ni har bir hududda avval faoliyatda bo‘lgan imtihon oluvchi davlat tashkilotlari  sonidan kam bo‘lmagan xususiy sektor bozorga kirgandan so‘ng to‘xtatilishi nazarda tutilgan.

Bunda masalan, Toshkent viloyatida 6 ta xususiy imtihon olish markazi tashkil etilgunga qadar 6 ta davlat markazi ishlashi kerak. Nima uchun oltita deyilsa, asos shuki yaqin vaqtgacha talabdan kelib chiqib Toshkent viloyatida oltita markaz faoliyat ko‘rsatgan. Undan kami yetmaydi.

Demak, bundan xulosa kelib chiqadiki, bitta tadbirkorlik sub’yektining tezroq «soqqa ishlashi»ga imkoniyat berish uchun shoshib-pishib boshqa davlat imtihon markazlarini yopish orqali Prezident qarori talablari ham buzilgan.

Endi savol: qaror talablarini bunday talqin qilish va buzish kimga, nima uchun kerak bo‘ldi?

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi javobi asosida biz ham endi hukumat va hukumat  a’zolariga so‘rov kiritamiz », – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring