Aholi ro‘yxatga olish bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli hududlar ma’lum qilindi
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining birinchi bosqichi — onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yakunlanishiga 2 kun qoldi.
2026 yil 30 yanvar soat 10:00 holatiga ko‘ra, census.stat.uz portali orqali mamlakatimizda jami xonadonlarning 75,5 foizida istiqomat qiluvchi, ya’ni 27,5 million nafardan ortiq fuqaro onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm viloyati (88,3 %), Namangan viloyati 83 %, Sirdaryo (82,2 %), Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 82,1 %, Andijon viloyati — 81,6 % va Navoiy viloyatida (80,4 %) qayd etilgan.
Ayni paytda Samarqand viloyati — 73,5 %, Buxoro viloyati — 70,9 %, Farg‘ona viloyati — 70,2 % va Toshkent shahrida — 58 % nisbatan past ko‘rsatkichlar kuzatilmoqda.
“Bunda katta shaharlar effekti kuzatiladi. Ya’ni, yirik shaharlarda aholining gavjumligi, ish va kundalik tashvishlarning ko‘pligi, doimiy harakat va tig‘iz hayot tarzi bilan bir qatorda, ijarada yashovchi aholi ulushining yuqoriligi, ish joyi va yashash manzilining tez-tez o‘zgarishi kabi omillar jarayon sur’atiga ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, savolnomani xato yoki to‘liq bo‘lmagan holda to‘ldirgan fuqarolar uchun avtomatik ogohlantirish tizimi joriy etilgan. Sertifikat oynasida ko‘k rangli “Sertifikat tasdiqlandi” yozuvi chiqsa, ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilgan hisoblanadi. Qizil rangli “Ma’lumotlar to‘liq emas” ogohlantirishi paydo bo‘lsa, kamchiliklarni bartaraf etish tavsiya etiladi. Aks holda, 4–28 fevral kunlari mahalla vakillari tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter