Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sobiq Bosh prokurorga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z isbotini topsa, u qancha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin?

Sobiq Bosh prokurorga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z isbotini topsa, u qancha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin?

Rashidjon Qodirov (o‘ngdan birinchi) Shuhrat Uzoqov bilan birgalikda ShHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlari yig‘ilishida. Toshkent. 2014 yil 8 oktyabr.

Foto: «Genproc.gov.ru»

2018-yilning 22-fevral kuni O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bugun,  24 fevral kuni ushbu ma’lumotni rasman tasdiqladi.

Bosh prokuraturaning rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, sobiq bosh prokuror R.Qodirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi aynan Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan.

Rasmiy ayblovga asoslanadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori tovlamachilik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olishda gumon qilinmoqda. Rashidjon Qodirovga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z isbotini topsa, u qancha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin?


Mavzuga doir:
Sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov haqida nimalarni bilamiz?


Gumonlanuvchining tovlamachilik bo‘yicha aybi isbotlansa, Jinoyat kodeksining 165-moddasiga ko‘ra, u uch yildan o‘n besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilishi mumkin. Rashidjon Qodirovning hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyati o‘z isbotini topsa, u eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarimaga yoki muayyan huquqdan mahrum qilinib, bir yildan besh yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar gumonlanuvchining pora olganligi isbotlansa, jinoyatning og‘ir-yengilligiga qarab eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima bilan qutulishi yoki 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Yuqoridagi uch modda bo‘yicha sobiq bosh prokuror eng og‘ir jinoyatlarni qilgan deb topilsa, unga umumiy holatda 35 yil qamoq jazosi berilishi kerak bo‘ladi. Biroq Jinoyat kodeksining 50-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilishning eng uzoq muddati yigirma besh yildan oshishi mumkin emas, faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin. Mazkur vaziyatda Rashidjon Qodirov ushbu moddalar bo‘yicha eng og‘ir jinoyatlarni qilgan taqdirda 25 yil ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 10-oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etgan  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish haqida taqdimnomasiga ko‘ra, 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan barcha jinoyat ishlarini tugatish ko‘zda tutilgan. Biroq taqdimnomada o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bundan mustasno ekani alohida qayd etib qo‘yilgan.


Mavzuga doir:
Rashidjon Qodirov xorijga uchib ketmoqchi bo‘lganida Toshkent aeroportida ushlandimi?


Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, yuqoridagilar amaldagi qonun hujjatlari asoslanilgan taxminlar bo‘lib, biz shunchaki jinoyat qonunchiligida ko‘zda tutilgan me’yorlarga asoslanib ayrim farazlarni o‘rtaga tashladik. Jinoyatga qonuniy va adolatli baho berish esa sud hukmiga havola.

Rashidjon Qodirov ayni paytda yuqoridagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayapti xolos. Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Shu ma’noda sobiq Bosh prokurorning aybdor yoki aybsiz ekaniga faqat sud baho berishi mumkin.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov-surishtiruv jarayonida jinoyat ishiga doir qo‘shimcha tafsilotlar ham oshkor bo‘lishi, buning natijasida ayblov moddalari kengayishi ham mumkin.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring