Makron Trampning tahdidiga keskin javob qaytardi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh rahbari Donald Trampning Grenlandiyani dastaklagan davlatlarga boj joriy etish haqidagi tahdidiga javoban tinchlikni ta’minlash masalasida Fransiya va Yevropaga qo‘rqitish yoki po‘pisa bilan ta’sir ko‘rsatish mumkin emasligini ta’kidladi.
“Bu borada boj tahdidlari nomaqbul va nomatlubdir. Agar boj joriy etilishi tasdiqlansa, yevropaliklar o‘zaro maslahatlashib, bir musht bo‘lib javob qaytaradilar. Biz Yevropa suverenitetiga hurmat ko‘rsatilishini ta’minlaymiz. Men yevropalik hamkorlarimiz bilan ayni shu ruhda gaplashmoqchiman”, – deb yozdi Fransiya rahbari X platformasidagi rasmiy sahifasida.
Makronning ta’kidlashicha, Fransiya Yevropa va butun dunyoda davlatlarning mustaqilligi hamda suverenitetiga sodiq qoladi, chunki bu tamoyillar BMT Ustavida mustahkamlangandir.
“Aynan shu bois ham biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqdamiz va shu yo‘lda davom etamiz. Aynan shu bois ham biz mustahkam va barqaror tinchlik o‘rnatish, zikr etilgan tamoyillarni hamda xavfsizligimizni himoya qilish maqsadida ko‘ngillilar koalitsiyasini tuzdik. Aynan shu bois ham biz Daniya tashabbusi bilan Grenlandiyada boshlangan o‘quv mashg‘ulotlariga qo‘shildik”, – dedi siyosatchi.
Emmanuel Makron Fransiya Grenlandiya suverenitetini qat’iy ravishda himoya qilishi, chunki gap Arktika va Yevropaning tashqi chegaralari daxlsizligi haqida ketayotganini urg‘ulagan.
AQShning yaqin ittifoqchisi sanalgan Buyuk Britaniya ham Trampning Grenlandiyaga egalik qilish maqsadida joriy etayotgan bojlariga jiddiy e’tiroz bildirdi.
“Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyamiz aniq-ravshan: orol Daniya qirolligi tarkibiy qismi sanaladi va uning kelajagi grenlandiyaliklar hamda daniyaliklar tomonidan hal etilishi kerak... NATOning kollektiv xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi choralarga javoban boj joriy etilishi to‘g‘ri emas. Biz bu masalani AQSh ma’muriyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali hal etamiz”, – degan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer.
Xabaringiz bor, AQSh prezidenti Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan siyosiy kampaniya boshlagan.
12-yanvar kuni AQSh Kongressiga Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Ushbu qonun qabul qilingan taqdirda, Tramp orolni anneksiya qilish yoki sotib olish uchun zarur deb hisoblagan har qanday harakatlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Daniya va Grenlandiya vakillari Trampni bu g‘oyadan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qilishdi, ammo muzokaralar samarasiz bo‘lib chiqdi.
Yevropa davlatlari Daniyaga chaqirig‘iga javoban Grenlandiyaga harbiylarini yuborayotgan bir pallada Tramp 17-yanvar kuni AQShning Grenlandiya ustidan nazoratiga qarshi chiqqan davlatlarga bojlar joriy etish bilan tahdid qildi.
Trampga ko‘ra, joriy yil 1-fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Finlyandiya kabi Yevropa davlatlari mahsulotlariga 10 foizlik boj joriy etiladi. 1 iyundan boj miqdori 25 foizga yetadi. AQSh rahbari ushbu chora Grenlandiyaning to‘liq va so‘zsiz sotib olinishiga qadar amalda bo‘lishini aytgan.
Ayni vaqtda AQSh Kongressining bir qator a’zolari, jumladan, respublikachilar Trampning Grenlandiya sabab Yevropa davlatlariga boj joriy etayotganini tanqid qilmoqda. Jumladan, Alyaska shtatidan saylangan senator Liza Murkovski Tramp tomonidan boj joriy etilishini keraksiz va xato jazo amaliyoti deb atagan.
“Bojlar AQSh milliy xavfsizligini oshirishga xizmat qilmagani yetmagandek, Yevropadagi muhim ittifoqchilarimizni bizdan uzoqlashtiradi. Ushbu choralar oqibatlarini real vaqt rejimida ko‘rmoqdamiz: NATO bo‘yicha ittifoqchilarimiz o‘z diqqat va resurslarini Grenlandiyaga qaratishga majbur bo‘lmoqdalar va bu Putinga qo‘l kelmoqda, dunyodagi eng kuchli demokratiya ittifoqi barqarorligiga tahdid tug‘dirmoqda”, – deb hisoblaydi senator Liza Murkovski.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Grenlandiya va Daniyada Trampning Grenlandiyaga nisbatan oshib borayotgan tahdidlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.
Namoyishchilar AQSh ma’muriyatidan Daniya qirolligining suvereniteti va Grenlandiyaning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qilishni talab etmoqda. Ko‘p ming kishilik namoyishlarda “Grenlandiyadan qo‘lingni tort!”, “Yankilar, uyingizga ketinglar!”, “Grenlandiya sotilmaydi!” kabi shiorlarni ko‘rish mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter