Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uran konida na shovqin, na zaharli chiqindi bor — Qozog‘iston

Uran konida na shovqin, na zaharli chiqindi bor — Qozog‘iston

Foto: «Xabar.uz»

Qozog‘iston uran zahiralari bo‘yicha Avstraliyadan keyin ikkinchi, uran qazib olish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Yer osti eritmasi orqali uran qazib olish ilk  marta 1960 yillarda qo‘llanilgan. Qoratov uran konida uranni sanoat yo‘li bilan qazib olish 2009 yilda boshlangan. Kon to‘liq «Karatau QK»ga tegishli bo‘lib, unda Uranium One (Rosatom davlat korporatsiyasining bir qismi) 50 foiz ulushga ega. Uning qolgan 50 foizi «Kazatomprom» AJ MAKga tegishli. Ish qorlash usulida qazib olinadigan ma’danlar tarkibida uran miqdori boshqa usulda qazib olinadigan ma’danlarga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, mahsulot tannarxi 2,0-2,5 barobarga past, yer qa’ridan uranni qazib olish darajasining yuqoriligi esa 80-90 foizni tashkil etadi.

Uran qanday qazib olinadi?

«Karatau» uran koniga uyushtirilgan press-tur orqali uranning ishlab  chiqarilish jarayonining guvohi bo‘ldik. Bu ishlab chiqarish jarayoni ekologik toza, ya’ni tabiatga zarari yo‘q.

Konda uran suyuq holatda qazib olinadi. Uranni ishlab chiqarish yer ostida amalga oshiriladi. Bu uranni texnologik haydovchi va so‘rib oluvchi tizimi orqali qazib olishdir.  Mazkur usul «qumloq» turdagi konlarda yuqori samara beradi. Ya’ni, yer osti quduqlarida oltingugurt eritmasi quyilib, ruda eritiladi. Qayta ishlash zavodida esa uran ion almashinadigan qatron, ya’ni sorbent yordamida ajratib olinadi. Sorbent qorishmada o‘z ionlarini uran ionlariga almashish xususiyatiga ega material. Uran cho‘kmasi filtrlash orqali quritiladi, sariq rangli kukun holatidagi jism, uran oksidi xaridorlarga yuboriladi.

Bu yerda ishlayotgan mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir daqiqa ham ishni to‘xtatib bo‘lmaydi. Besh kun davomida burg‘ulangan quduqlarning umri yetti yilgacha davom etadi. Ishlab chiqarilgan chiqindilar yoki o‘z umrini o‘tab bo‘lgan quduqlar ko‘miladi, 200 yilgacha bu yerda hech qanday ish amalga oshirilmaydi. Ya’ni, bu ishlab chiqarish usuli ekologiyaga zarar yetkazmaydi, uranning qoldiqlari, chiqindilari hech qayerga tashlanmaydi yoki suvlar orqali oqizilmaydi. Yer ostida ishlab chiqarish usuli tannarxni 2-2,5 barobar kamaytiradi. Yer qa’ridan qazib olish darajasi 80-90 foizni tashkil etadi.

Mamlakat kelgusida atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda.

Qoratov sanoat maydonchasida

Ko‘pincha uran deganda zaharli moddani tushunamiz. Biz ham bu yerga kelib o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgunimizcha xuddi shunday o‘ylagandik. Go‘yoki, bu yerda ishlayotgan yoki yashayotgan aholi zaharli moddani «yutib» umri qisqarib borayotgandek. Ammo safarimiz chog‘ida biz hech qanday xavfni sezmadik. Bu yerda joylashgan qishloq aholisi ham hech qanday ekologik xavfni his qilmaydilar. Uran qazib olish faqat yer tagida amalga oshiriladi. Qolaversa, tarkibida uran mavjud bo‘lgan konsentratlarni qazib olish va qayta ishlash jarayonlari to‘liq, to yakuniy mahsulot olgunga qadar avtomatlashtirilgan ish jarayonining guvohi bo‘lishingiz mumkin. Ya’ni, barcha ishni faqat texnologiya bajaradi, uni boshqarib turadigan ishchi xodimlar, uran qazib olinadigan hududdan ancha olisda.

Konchilar uchun Qoratov sanoat maydonchasida barcha qulayliklarga ega yotoqxona, qishki, yozgi sport maydonchalari, suzish havzalari, sartaroshxona, oshxona, tibbiyot markazi doimo faoliyat ko‘rsatadi.  Qoratovda ishlaydigan xodimlar shu yerga yaqin qishloq aholisi turmush sifatini oshirish uchun ham turli tadbirlarni amalga oshirishda faol. Masalan, urush faxriylarini, daromadi past oilalarni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Maktablarga sovg‘a qilingan kompyuterlar, jihozlangan laboratoriya xonalari esa o‘quvchilarning muhandislik kasbiga bo‘lgan qiziqishini orttirmoqda. Xodimlarning aytishicha, bu yerda ishlayotganlarning ko‘pchiligi shu maktabni bitirib tog‘-kon sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shib kelayotgan yoshlar ekan. Butun dunyoda uran qazib chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadigan ushbu ishlab chiqarish sanoatida juda sokinlikning guvohi bo‘ldik. Bu yerda zaharli, tabiatga zarar yetkazadigan chiqindi, quloqni qomatga keltiradigan shovqinni eshitmaysiz. Biz aylangan o‘sha hududda, yer ostida mamlakat rivojiga hissa qo‘shayotgan ulkan boylik – uran doimiy «harakat»da ekanligini, yer yuziga chiqib mamlakat rivojiga hissa qo‘shayotganini tasavvur ham qilolmaysiz.

E’tiborimizni tortgan yana bir holat, garchi bu yo‘llarda katta-katta yuk mashinalari yursa-da, bu yo‘llar tog‘lar orasida joylashgan bo‘lsa-da kechagidek ta’mirdan chiqqandek tekis va ravonligi bo‘ldi. Xuddi shahar markazida, tekis yo‘llarda yurgandek  his qildik o‘zimizni.

Ma’lumot o‘rnida: Tabiiy uran ishlab chiqarish bo‘yicha davlatlar jahon reytingida Qozog‘iston, Avstraliya, Namibiya, Kanadadan keyin O‘zbekiston beshinchi o‘rinda. O‘zbekistonda uran qazib olish ham shu ekologik usulda amalga oshiriladi. Bu endi alohida mavzu.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring