Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna böliş ×

Urushdan so‘ng Ukraina hududi biroz o‘zgarishi mumkin – Tramp

Urushdan so‘ng Ukraina hududi biroz o‘zgarishi mumkin – Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush yaqin orada yakunlanishiga umid bildirib, tinchlik kelishuvi natijasida mamlakatning hududiy chegaralari o‘zgarishi mumkinligini aytdi.

Bu haqda u CBS telekanalining «60 Minutes» dasturiga bergan intervyusida gapirgan.

«O‘ylaymanki, biz bunga erisha olamiz. Menimcha, shunday ham bo‘ladi. Yakunda Ukraina biroz boshqacha shaklga ega bo‘ladi», – dedi Tramp.

AQSh prezidenti Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar hali ham natija bermayotganiga to‘xtalib, Vladimir Putin tinchlik jarayonini ataylab cho‘zayotgani haqidagi fikrlarga qo‘shilmasligini bildirdi.

«Men bunday deb o‘ylamayman», – dedi u va Rossiyaga nisbatan o‘zidan ko‘ra qat’iyroq siyosat yuritgan prezident bo‘lmaganini ta’kidladi.

Tramp tinchlikka erishish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi keskin ziddiyatlarni ko‘rsatdi.

Uning fikricha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar muzokaralar jarayonini murakkablashtirmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaning sharqiy hududlariga, jumladan, Donbassning hozircha Kiyev nazoratida qolgan qismlariga ham da’vogarlik qilmoqda. Moskva Qrim ustidan nazoratni saqlab qolishni ham talab qilmoqda.

Ukraina esa urushni to‘xtatish uchun amaldagi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish variantini taklif qilgan. Biroq Kiyev o‘z hududlarining Rossiyaga tegishli ekanini yuridik jihatdan tan olishga qarshi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshlanishidan avval Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan edi. Biroq hozirgacha tomonlar o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting

Kiriş

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring