Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aksiya! O‘ngda ham, tushda ham

Aksiya! O‘ngda ham, tushda ham

Qayoqqa qaramang, hamma yoqda aksiya. Biri tugar-tugamas ikkinchisi boshlanadi. Kimdir o‘yinchoq yutgan bo‘lsa, kimdir ro‘zg‘or buyumiga, yana kimdir maishiy texnikaga ega bo‘lgan. Boshqasi esa mashina kalitini ko‘z-ko‘z qilgan, uchinchisi chet elga sayohat yo‘llanmasini maqtanadi...

Tinimsiz aksiyalarni o‘ylab, uxlab qolibman. Bir komediyada «kechasi ham tinchlik yo‘q», deganicha bor ekan. Tushga ham turli-tuman aksiyalar kirsa deng. Esimda qolganini so‘zlay.

Somsaxona oldida sotuvchi: «somsasidan chandir yoki yutib yuborishga yaramaydigan boshqa narsa chiqqanlarga ikkinchi somsa tekin», deb baqirarmish. Odam gavjum. Kuzatib turdim. Ko‘pchilik uch-to‘rttalab somsa yesada bittasi uchun to‘lab chiqib ketyapti. Aksiya-da.

Nariroqda farroshlar plakatlar bilan turibdi. Yozuvlarni o‘qiyman: «ko‘chaga bildirmasdan axlat tashlaganga ikkinchisini oshkora tashlash imkoniyati beriladi», «Chiqindixonaga yetar-yetmas axlatini qoldirganga farrosh nomidan faxriy yorliq, shu ishni muntazam qiluvchilarga esa o‘zi istiqomat qiluvchi tuman, shaharning barcha farroshlari dastxati qo‘yilgan futbolka» (aytgancha, uning orqasiga «men ablahman», deb yozib qo‘yilgan. Lekin bu haqdagi ma’lumot e’londa atayin juda kichik harflar bilan yoziladi). «Aziz nosvoychilar. Nosingizni iloji boricha ko‘chaning ko‘rinadigan joyiga, serqatnov qismiga tuflang. Yoniga manzilingizni ham qoldirishni unutmang. Eng faol noschilarga kunlik chiqindi-mahsulotlar eltib beriladi. Yetkazib berish tekin».

Mahallalar oralab yuraman. Bekorchi, g‘iybatchi xotinlar uchun «Uchtasi bittada» aksiyasi e’lon qilinibdi. Sharti oddiy. Kim bir o‘tirishda biron qo‘shnisi haqida uchta mag‘zava xabar to‘qib, tezda tarqatsa, o‘sha qo‘shnisining asabiylashgani, azob chekayotgani yashirin tarzda tasvirga tushirilgan lavhalarni tomosha qiladi.

Jamoat transporti haydovchilari uchun: «Ko‘proq odamni zaharla» aksiyasi. Ish vaqtida avtobus yoki «marshrutka» haydovchisi tinimsiz tamaki chekishni uddalay olsa, ertasi kuni unga dam olish e’lon qilinadi, tub dispanserga sayohat uyushtiriladi.

Dehqon bozorda esa eski aksiya yozuvi hali ham osig‘liq: «Tez boyishni istaysizmi? Issiq-sovuqda savdo qilish joningizga tegdimi? Yechimi oson. Tarozidan uring. Buning uchun yolg‘ondan uzr so‘rashni, ko‘zlarni lo‘q qila olishni bilish kifoya. To‘g‘ri, pullar harom, lekin ko‘p».

«Eng bezbet kirakash» aksiyasi esa barchamizga yaxshi tanish. Bunda o‘zini takchisi, deb biluvchilar imkon qadar ko‘proq haydovchilarga halaqit bergan holda odam yig‘ishlari talab etiladi. Svetoforning yashil chirog‘ida to‘xtagan, mashinasini ko‘chaga ko‘ndalang qo‘ygan holda to‘xtatganlarga qo‘shimcha bonus. Jig‘ibiyron haydovchilarga e’tibor bergan va albatta uzr so‘ragan kirakash aksiyada ishtirok etolmaydi. G‘olibga mukofot: aeroport yoki vokzal, katta bozorning eng zo‘r joyida turib, mijoz olish imkoniyati.

Aksiyalar ichida shubhalisi ham bo‘lar ekan. Mana masalan, «Hokimlar diqqatiga! Agar siz yilning chorak davri mobaynida lavozimingizni egallab tura olsangiz, keyingi chorak o‘rningizdan siljimaslikka yordam beruvchi ballarni qo‘lga kiritasiz»...

G‘alati tushning esda qolgan qismi haqida o‘ylab, somsaxona oldiga kelganimni ham sezmabman. Ishtaha bor. Ikki dona olib yedim. Har biridan barakali-barakali chandir chiqdi. U yoq bu yoqqa qarayman, aksiyaga ishora yo‘q. Noiloj, ikkisi uchun ham pul to‘ladim.

To‘lqin Jumanazarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring