Kogondagi sexda chaqnash oqibatida 4 ishchi halok bo‘ldi
Bugun, 6-dekabr soat 09:40 da Buxoro viloyatining Kogon tumani «Mustaqillik» MFY hududida joylashgan «SHAMS LTD» MChJga tegishli portlovchi moddalar ishlab chiqarish sexida chaqnash sodir bo‘lib, oqibatda yong‘in kelib chiqdi, deb xabar berdi FVV matbuot xizmati. Buxoro viloyati FVBning 7 ta qutqaruv bo‘linmasi yong‘inni soat 10:27 da to‘liq o‘chirgan.
«SHAMS LTD» MChJ 2019 yildan buyon tog‘-kon sanoati korxonalari uchun yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llanadigan portlovchi moddalarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Chaqnash sodir bo‘lgan vaqtda sex omborida 30 nafar ishchi bo‘lgan. Ularning 4 nafari halok bo‘lgan. Yengil tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, ulardan 2 nafariga ambulator yordamdan so‘ng uyiga ruxsat etilgan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi A.Rafiqov boshchiligida vazirlik va idoralar ishtirokidagi hukumat komissiyasi tashkil etildi. Komissiyaga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf etish, hodisa sabablarini o‘rganish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish vazifasi yuklatilgan.
Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratda bo‘lib, oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter