«Ko‘mirta’minot» ombor mudirining kirdikorlari oshkor bo‘ldi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida ko‘rilgan jinoyat ishi ombor hisob-kitobida ancha muammoga aylangan holatni ochib berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, «Ko‘mirta’minot» MChJning tuman ombori mudiri bo‘lib ishlagan I.G‘. o‘z zimmasiga ishonib topshirilgan tovar-moddiy boyliklarni saqlash o‘rniga, ularni noqonuniy ravishda sotib yuborgan.
2025-yilning sentyabr oyidan noyabr oyigacha bo‘lgan davrda Qorako‘l tuman omboriga jami minglab tonna ko‘mir qabul qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 13 noyabr holatida omborda 246,7 tonna ko‘mir qolishi kerak bo‘lgan. Ammo, nazorat o‘lchovi o‘tkazilganda, aslida, bor-yo‘g‘i, 123 tonna ko‘mir qolgani aniqlangan. Natijada 118,57 tonna ko‘mir kamomadi, ya’ni, qariyb, 36,7 million so‘mlik zarar kelib chiqqan.
Tergov va sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, ushbu ko‘mir mahsulotlari ombor mudiri tomonidan aholiga naqd pulga sotilgan, ammo, tushgan mablag‘lar korxona hisob-raqamiga kiritilmagan. Sudlanuvchi ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganini tan olgan.
Sudda I.G‘. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi. Eng muhimi, u yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagani ham qayd etildi. Jabrlanuvchi tomon ham unga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi.
Ishni ko‘rib chiqqan sud dastlab qo‘yilgan aybni qayta ko‘rib chiqqan. Uning harakatlari mansab vakolatini suiiste’mol qilish emas, balki, oddiy o‘zlashtirish, deb baholangan. Bu esa jazo turiga ham ta’sir qilgan. Sud tergovi jarayonida ma’lum bo‘lishicha, I.G‘. bugungi ishgacha ham ilgari bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2015-yilda firibgarlik va boshqa moddalar bilan jazo olgan. 2018-yilda ham o‘zlashtirish va hujjatlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan. 2025-yilda esa yana boshqa bir jinoyat ishi taraflar yarashgani sababli tugatilgan. Shunga qaramasdan, u yana moddiy javobgar shaxs sifatida ishlab turib, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan.
Sud hukmiga ko‘ra, I.G‘. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 1-qismi bilan aybdor, deb topildi. Ushbu bandga ko‘ra, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter