Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB Andijonda o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan fuqaroga oid holat bo‘yicha bayonot berdi

MIB Andijonda o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan fuqaroga oid holat bo‘yicha bayonot berdi

Kecha Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi xodimini yoqib yuborishga qasd qilingani, shuningdek, bunday xatti-harakatning sabab va oqibatlari haqida xabar berilgandi.

Kechaning o‘zida Andijonda ham sud qarori ijrosi jarayonida yana bir ko‘ngilsizlik yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda uydan ko‘chirish haqidagi sud qarori ijrosidan norozi fuqaro o‘ziga o‘tib qo‘yib yuborgani haqida xabar tarqaldi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov Andijondagi voqelik xususida quyidagilarni ma’lum qildi:

— Byuroning Andijon tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqaro Z.G. va uning oila a’zolarini Andijon tumani, Ayrilish MFYda uydan majburiy tartibda ko‘chirish hamda da’vogar M.B.ni ushbu uyga kiritish haqida ijro hujjati mavjud bo‘lib, shu yilning 21-yanvar kuni kechga yaqin mas’ul xodimlar ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qayd etilgan manzilga chiqishgan.  MIB xodimlari, shuningdek, da’vogar va javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida taraflar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab ijro harakatlari bir kun keyinga — 22-yanvarga qoldiriladi.

Shundan so‘ng, MIB xodimlari va ijro harakati uchun jalb qilingan boshqa shaxslar qayd etilgan manzildan chiqib ketayotgan vaqtida javobgar X.G. o‘ziga benzin sepib, o‘t qo‘yib yuboradi. Oqibatda tanasining 45 foizi kuyib, og‘ir tan jarohat bilan kasalxonaga tushadi..

Ayni paytda holat bo‘yicha Andijon tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Voqelikning qisqa tafsiloti shu. Pirovardida, alohida ta’kid etamizki, MIBda sud qarorlari muhokama etilmaydi. Balki qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ijrosi ta’minlanishi shart. Sud qarorlari ijrosini vaqtincha to‘xtatishning qonuniy tartiblari bor. Nima bo‘lgandayam sud qarori ijrosini o‘z-o‘ziga o‘t qo‘yish orqali to‘xtatishga urinishni to‘g‘ri tanlov emas, deb hisoblaymiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring