Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda ikki tillafurushga sud hukmi o‘qildi

Namanganda ikki tillafurushga sud hukmi o‘qildi

1 mlrd. so‘mlik tilla buyumni bojxona nazoratisiz olib o‘tmoqchi bo‘lgan jinoyatchilarga hukm o‘qildi.

2023-yilning 24-iyul kuni «Namangan–Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, K.N.ning yonida 1 dona yarim tayyor zanjir holatidagi tilla taqinchoq borligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina ham Pop tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, G‘.O. ga tegishli 29 dona yarim tayyor zanjir ko‘rinishidagi tilla taqinchoqlar borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘.O. juda ko‘p miqdordagi quyma tilla mahsulotlarini notanish shaxslardan sotib olib, ularni zargarlarga zanjir ko‘rinishida yasattirgan. O‘z navbatida K.N. ushbu tilla buyumlarni qonunga xilof ravishda bojxona nazoratini chetlab o‘tib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Hindiston davlatiga olib borib sotishni rejalashtirgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur 30 dona yarim tayyor holatdagi tilla taqinchoqlarning sof og‘irligi 1 kg. 516 gr. bo‘lib, qiymati 1 mlrd. 46 mln. so‘mga teng.
Chegara-bojxona postidagilarning e’tiborini tortmaslik maqsadida, 958 dan yuqori asllik darajasida bo‘lgan zanjir ko‘rinishidagi tilla taqinchoqlarga «916», «22KR» asillik darajasi o‘rnatilgan.

Holat yuzasidan DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasining Tergov bo‘limi tomonidan G‘.O. va K.N. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan esa G‘.O. ga nisbatan 3 yil, K.N. ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring