Tog‘ yo‘lidagi o‘zboshimchalik ayanchli yakun topdi
Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 19 yanvar kuni soat taxminan 21:00 larda Farg‘ona tumani «Yordon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallanmagan tog‘ orasidagi kichik dara yo‘lda 1981 yilda tug‘ilgan A.A. “Captiva” rusumli avtomobilni o‘zboshimchalik bilan boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lning qor bilan qoplangani va sirpanchiq holatda ekani sababli rul boshqaruvini yo‘qotgan.
Oqibatda avtomobil ag‘darilib ketib, yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Hodisa natijasida haydovchi og‘ir tan jarohati olgan. U bosh miyaning yopiq shikasti, koma holati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, A.A. shifoxonada vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni qishki mavsumda, ayniqsa harakatlanishga mo‘ljallanmagan yo‘llarda harakatlanmaslikka va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter