20 ga to‘lmagan samarqandlik yigit boshchilik qilgan kiberfiribgarlar guruhi 60 dan ortiq kishini chuv tushirdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida yirik kiberjinoyat sxemasi fosh etildi.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab amal qilgan jinoiy guruhga Samarqand viloyatida yashovchi 20 yoshga to‘lmagan yigit va uning turli hududlardagi sheriklari rahbarlik qilgan.
Gumonlanuvchilar qo‘lga olinganida o‘nlab bank kartalari, SIM-kartalar hamda maxsus mobil qurilmalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular uzoq vaqt davomida yirik miqyosdagi kibero‘g‘riliklar bilan shug‘ullangan.
Aniqlanishicha, firibgarlar Telegram orqali yashirin akkauntlardan foydalanib, fuqarolarning telefonlariga zararli APK-fayllar yuborgan. Ushbu dasturlar o‘rnatilgach, qurbonlarning bank ma’lumotlari va SMS orqali keladigan tasdiq kodlari jinoyatchilar nazoratiga o‘tgan.
O‘g‘irlangan mablag‘lar izini yo‘qotish maqsadida pullar begonalar nomiga ochilgan tranzit bank kartalari va soxta akkauntlarga tezkor ravishda o‘tkazilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoiy tarmoqning qurbonlari soni respublika bo‘ylab 60 nafardan oshgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ushbu jinoiy guruhga aloqador barcha shaxslarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish hamda jabrlanganlarning huquqlarini tiklash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter