Yana bir MIB xodimi kaltaklandi
Farg‘onada Majburiy ijro byurosi xodimi kaltaklandi. Voqelik shaharning Qo‘qon ko‘chasida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi davlat inspektori Sh. Qodirov shu ko‘chada istiqomat qiluvchi fuqaro A. F.ning xonadoniga kelib, foydalanilgan elektr energiyasi uchun 75 ming so‘mlik qarzdorlik hosil bo‘lgani, qonunda ko‘rsatilgan 5 kun muddat berilganligiga qaramay qarz bartaraf etilmaganini aniqlaydi. Shu bois nisbatan vakolati doirasida keyingi harakatlarni amalga oshirishga majbur ekanini iste’molchiga tushuntirishga harakat qiladi. Biroq fuqaro A. F. unga dag‘dag‘a qilib, haqorat va po‘pisa qila boshlaydi. Davlat inspektori o‘zini himoya qilish maqsadida uyali aloqa vositasi orqali tasvirga olishga tushganda A.F.ning ukasi chiqib, akasiga «yordam»ga shoshiladi. Ular uyali aloqa telefonini olib qo‘yish maqsadida inspektorni bo‘g‘ib, bir necha marotaba tepishadi. Natijada davlat inspektoriga tan jarohati yetadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati mazkur voqelikni tasdiqladi. Va «Xabar.uz»ga ma’lum qildiki, ayni paytda Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro A.F.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib (JK, 219-modda 1-qismi), dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter