Advokat, Milliy gvardiya va «IIB» xodimi qo‘lga olindi
DXX tomonidan Xorazmda Milliy gvardiya markazi boshlig‘i, Toshkent shahrida advokat, Buxoroda esa «IIB» xodimi pora olayotganda ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlik byurosi advokati firibgarlik yo‘li bilan fuqarodan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, advokat o‘zining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ishlovchi tanishlari orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2023 yil oktyabr oyidagi hal qiluv qarorini sudning appellyasiya instansiyasi jarayonida fuqaro (sudlanuvchi) foydasiga o‘zgarishsiz qoldirish masalasini hal qilib berishni va’da qilgan.
Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa o‘zini ichki ishlar idoralari xodimi deb tanishtirgan shaxs mahalliy fuqarodan uning tanishiga nisbatan Ichki ishlar organi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan mazkur shaxsni tergov hibsxonasidan chiqarish va unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini harakatdan tugatishni hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Milliy Gvardiya Xorazm viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi Shovot tumani qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash markazi boshlig‘i firibgarlik yo‘li bilan 1400 AQSh dollari hamda 1,2 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ushlandi.
Aniqlanishicha, u mahalliy fuqaroni Milliy Gvardiya tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter